Bugun 26 aprel, 2025 yil, shanba

КИР

Namozni qoim qilish nima degani?

Namozni qoim qilish nima degani?

Alhamdulillah Robbil olamiyn. Vassolatu vassalamu ala ashrofil mursaliyn. Va ala olihi va ashabihi ajma’iyn. Ammo ba’d.

Imom domlalar mav’izalarida “namozni qoim qilish” degan jumla qulog‘imizga chalinadi. Shuningdek, kitoblarda ham shu jumlaga ko‘zimiz tushadi. Xo‘sh, buning ma’nosi nima?

Alloh taolo Qur’oni Karimda biz bandalarini namozga buyurar ekan, “Namoz o‘qinglar!” demadi, balki “Namozni qoim qilinglar!” deb marhamat qildi. Qur’oni Karimning qayerida namozga amr bo‘lsa, hammasida “qoim qilish” jumlasi kelgan. “Qoim qilish” degani “Tik turg‘azish” deganidir. Demak, biz o‘qiydigan namoz o‘tirib qolgan, yonboshlab qolgan, yotib qolgan emas, balki tik turgan namoz bo‘lishi kerak. U Zot Qur’oni Karimda shunday marhamat qilgan:

وَأَقِيمُواْ الصَّلاَةَ وَآتُواْ الزَّكَاةَ

“...Namozni barkamol o‘qing, zakot bering...” (Baqara surasi, 83-oyat).

Ulamolarimiz bu borada kelgan dalillarni o‘rganib, namozni qoim qilish quyidagicha bo‘lishini aytganlar.

 

  1. Namozning shartlarini muhofaza qilish.

Namozning shartlari deganda, namozning tashqi farzlari tushuniladi.

Bular badanning tahoratsizlik va najosatdan pok bo‘lishi, joy va kiyimning pokligi, qiblaga yuzlanish, vaqtning kirishi, avratning berkligi va niyat qilishdir.

Badanning najosat va tahoratsizliklardan pok bo‘lishi kerakligi haqida Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday marhamat qilgan:

إِنَّ اللّهَ يُحِبُّ التَّوَّابِينَ وَيُحِبُّ الْمُتَطَهِّرِينَ

“Albatta, Alloh tavba qiluvchilarni sevadi va poklanuvchilarni sevadi” (Baqara surasi, 222-oyat).

Nabiy sollallohu alayhi vasallam “Alloh, sizlardan biringiz tahoratsiz bo‘lsa, to tahorat olmagunicha uning namozini qabul qilmaydi” dedilar.

Shu bois tahoratni yaxshilab bajarish, istinjo, istibrolarga jiddiy e’tibor berish lozim.

Kiyimning pok bo‘lishi kerakligi haqida Alloh taolo shunday marhamat qilgan:

وَثِيَابَكَ فَطَهِّرْ

“Va kiyimingni pokla!” (Mudassir surasi, 4-oyat).

Qiblaga yuzlanish kerakligi haqida Alloh taolo shunday marhamat qilgan:

وَمِنْ حَيْثُ خَرَجْتَ فَوَلِّ وَجْهَكَ شَطْرَ الْمَسْجِدِ الْحَرَامِ وَإِنَّهُ لَلْحَقُّ مِن رَّبِّكَ وَمَا اللّهُ بِغَافِلٍ عَمَّا تَعْمَلُونَ

“Qayerdan chiqsang ham, yuzingni Masjidul Harom tomon bur. Va, albatta, bu Robbingdan bo‘lgan haqdir” (Baqara surasi, 149-oyat).

 

  1. Namozning ruknlarini muhofaza qilish.

Namozning ruknlari deganda uning ichidagi farzlari tushuniladi. Takbiri tahrima, qiyom, qiroat, ruku, sajda, oxirgi o‘tirish namozning ruknlari deyiladi.

Nabiy alayhissalom aytdilar: “Odamlar o‘g‘irlaydigan narsalarning eng yomoni namozdan o‘g‘irlashidir”. Shunda sahobalar: “Qanday qilib namozdan o‘g‘irlash mumkin?” deb so‘rashdi. U zot: “Ruku’ va sajdasini to‘liq qilmaslik bilan” deb javob berdilar.

“Allohu akbar” deb deb namozga kirishgandan so‘ng sano, taavvuz, basmalani shoshmasdan o‘qish. Qo‘llarini bog‘lab, kindik ostida tutib, qomatni tik tutib turish. Turganda egilmay, qiyshaymay turish. Qiroatni tajvid bilan, shoshmay o‘qish. Qiroatdan so‘ng “Allohu akbar” deb rukuga egilish. Rukuda orqani tekis tutish. Rukuda “Subhana Robbiyal Aziym”ni dona-dona qilib uch marta aytish. Ushbu tasbehni aytayotganda xuddi qarg‘a don cho‘qigandek qilib tez aytmasdan, ohista aytish.

Rukudan bosh ko‘tarayotganda dona-dona qilib “Sami’allohu liman hamidah” deyish. Tik turganda biroz tin olish, qadni rost tutish va “Robbana lakal hamd” deyish. Keyin yana “Allohu akbar” deb sajdaga borish. Sajdada burun, peshonani yerga tekkizish, qo‘l va oyoq barmoqlarini ham qiblaga yo‘naltirish. Tirsaklarni yerdan va qorindan uzoq tutish. Sajdada ixlos bilan “Subhana Robbiyal A’lo” deb uch marta aytish. Ushbu tasbehni aytayotganda xuddi qarg‘a don cho‘qigandek qilib tez aytmasdan, shoshmay, ohista, dona-dona qilib talaffuz qilish. Ruknlarni bajarish asnosida zaruratsiz harakat qilmaslik.

Huzayfa roziyallohu anhu ruku’ va sajdani batamom qilmagan bir kishini ko‘rib: “Namoz o‘qimading! Agar o‘lsang, Alloh Muhammad sollallohu alayhi vasallamni xalq qilgan tabiatidan boshqa tabiatda o‘lasan!” dedilar”. Buxoriy va Nasaiy rivoyat qilganlar.

Qa’dada o‘tirganda kaftlarning barmog‘ini tizza ko‘ziga to‘g‘irlab, son ustiga qo‘yib, tashahhudni aytish, salovot va duolarni o‘qish lozim.

 

  1. Namozning xushu’sini muhofaza qilish.

Ammor ibn Yasir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Albatta, bir odam (namozidan) turganda, unga uning o‘ndan biri, to‘qqizdan biri, sakkizdan biri, yettidan biri, oltidan biri, beshdan biri, to‘rtdan biri, uchdan biri yoki yarmigina yozilgan bo‘ladi”, dedilar”. Abu Dovud rivoyat qilgan.

Xushu’ – qo‘rquv bilan sokinlikning aralashganidir. Banda namoz o‘qir ekan, u Alloh taoloning huzurida turganini his qilib, ixlos bilan, har bir o‘qiyotgan oyat va duolarining mazmunini anglab, qalbidan o‘tkazib turishi kerak. Banda namozda qalbi hozir bo‘lishi lozim. Ya’ni namozda turganda xayoli boshqa tarafga chalg‘imasligi kerak. Namozda qalb hozirligiga erishish uchun ichki va tashqi omillarni bartaraf qilish lozim. Ichki omil – xayolga keluvchi turli narsalardir. Namozga kirishdikmi, xayolimizda faqat namoz, o‘qiyotgan suralarimizning ma’nosi turishi kerak. Bozor, pul, bola-chaqa, og‘aynilar va hokazolarni o‘ylamaslik kerak. Tashqi omil -  ro‘paramizdagi turli naqshlardir. Namozda turganimizda, oldimizdagi parda, eshik, devordagi naqshlar, chiziqlarga ko‘zimiz tushganda, namozdan chalg‘ishimizga sabab bo‘ladi. Shu bois namozga kirishish oldidan o‘sha narsalarni olib qo‘yishga e’tibor berish kerak. Ana shu ikki omil bartaraf etilsa, Alloh taoloning izni bilan qalb hozirliga erishiladi.

Xushu’ning ma’nolariga Qur’on oyatlarining ma’nolari borasida tafakkur qilish, undan ta’sirlanish, Alloh taolodan qo‘rqib yig‘lash ham kiradi.

Namozdagi xushu’ xuddi tanadagi ruh kabidir. Xushu’siz namoz ruhsiz jasaddir.

         Mutarrifdan, u otasidan rivoyat qiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning namoz o‘qiyotganlarini ko‘rdim. Ko‘ksilaridagi yig‘idan tegirmonning yoki qozonning ovoziga o‘xshash ovoz chiqib turar edi”.  “Sunan” egalari rivoyat qilishgan.

Namozni xushu’ bilan o‘qish najot topish kafolatidir.

Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday marhamat qilgan:

قَدْ أَفْلَحَ الْمُؤْمِنُونَ الَّذِينَ هُمْ فِي صَلَاتِهِمْ خَاشِعُونَ

“Batahqiq, mo‘minlar najot topdilar. Ular namozlarida xushu’ qiluvchilardir” (Mo‘minun surasi, 1-2-oyatlar).

 

  1. Besh vaqt namozni o‘z vaqtida o‘qish.

Namozni vaqtida, jamoat bilan masjidda ado etish ham namozni qoim qilish omillaridandir. Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday marhamat qilgan:

إِنَّ الصَّلاَةَ كَانَتْ عَلَى الْمُؤْمِنِينَ كِتَاباً مَّوْقُوتاً

“Albatta, namoz mo‘minlarga vaqtida farz qilingandir” (Niso surasi, 103-oyat).

Boshqa bir oyatda Alloh taolo bunday marhamat qilgan:

حَافِظُواْ عَلَى الصَّلَوَاتِ والصَّلاَةِ الْوُسْطَى وَقُومُواْ لِلّهِ قَانِتِينَ

“Namozlarni va o‘rta namozni muhofaza eting. Va Alloh uchun xushu’ ila qoim bo‘ling” (Baqara surasi, 238-oyat).

Namozga azon aytilganda, barcha ishni to‘xtatib, azonga ijobat qilish, namoz o‘qishga urinish ham namozni o‘z vaqtida o‘qish hisoblanadi.

Alloh taolo namozga nido qilinganda barcha ishni to‘xtatib, namozga borishga amr qilib shunday marhamat qilgan:

يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا إِذَا نُودِي لِلصَّلَاةِ مِن يَوْمِ الْجُمُعَةِ فَاسْعَوْا إِلَى ذِكْرِ اللَّهِ وَذَرُوا الْبَيْعَ ذَلِكُمْ خَيْرٌ لَّكُمْ إِن كُنتُمْ تَعْلَمُونَ

“Ey iymon keltirganlar! Juma kuni namozga nido qilinganda, Allohning zikriga shoshiling va savdoni qo‘ying. Agar bilsangiz, bu o‘zingiz uchun yaxshidir” (Jumu’a surasi, 9-oyat).

Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhu Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan “Amallarning Alloh taologa eng mahbubi qaysi?” deb so‘raganlarida, u zot sollallohu alayhi vasallam “O‘z vaqtida o‘qilgan namoz...” deb javob berganlar. Muttafaqun alayh.

Demak, namozni qoim qilish uni Alloh taolo buyurganidek, U rozi bo‘ladigan tarzda ado etishdir.

Mana shu to‘rt shartni bajarib namoz o‘qigan kishilar, Alloh taoloning marhamati bilan namozni qoim qilgan kishilar bo‘lishadi.

Alloh taolo barchamizni namozni qoim qiluvchi bandalaridan aylab, barchamizni O‘zining hidoyatidan ayirmasin! OMIN!

Manba: muslim.uz

Kiritildi: 21:16 30.11.2019. O'qildi: 12335 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!