DXX, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va Bojxona qo‘mitasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Namangan shahridagi uylardan birida sotish maqsadida sanitariya qoidalariga zid ravishda saqlab kelinayotgan dori vositalari borligi aniqlangan.
Xususan, tegishli hujjatlari bo‘lmagan hamda sifati kafolatlanmagan 56 turdagi jami 13184 dona dori vositalari, jumladan, “Sefotaksim”, “Bifidumbakterin”, “Atropin”, “Tidomet forte” va boshqa turdagi preparatlar ashyoviy dalil sifatida olingan.
Aniqlanishicha, ushbu “yashirin ombor”da saqlanayotgan dori vositalari qo‘shni respublika hududidan aylanma yo‘llar orqali olib kelingan.
Baholash xulosasiga ko‘ra, ularning umumiy qiymati 577 mln 381 ming so‘mni tashkil etadi.
Hozirda mazkur shaxsga nisbatan Jinoyat Kodeksining 186-3-moddasi 3-qismi “a” bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.