Myanmada armiya tomonidan amalga oshirilgan havo hujumi oqibatida 41 kishi halok bo‘ldi, 52 kishi yaralandi. Hujum mamlakatning Rakxayn shtatida joylashgan Mrauk-U tumanida sodir bo‘lgan. Halok bo‘lganlar orasida ayollar va bolalar ham bor. Bu haqda Turkiyaning “Anadolu” axborot agentligi xabar tarqatdi.
Mahalliy manbalarga ko‘ra, qurbonlar soni oshishi mumkin. Hujum ortidan Myanma hukumati mintaqada faoliyat yuritayotgan qurolli guruh — Arakan armiyasini tinch aholidan tirik qalqon sifatida foydalanishda aybladi.
Rohinja musulmonlari — Myanmadagi eng ko‘p tazyiqqa uchraydigan ozchilik guruhlaridan biri. Ular o‘nlab yillar davomida ta’qib, zo‘ravonlik va diskriminasiyaga duch kelmoqda. 2017 yilda yuz minglab rohinjalar harbiy tazyiqlar sababli o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘lib, qo‘shni Bangladeshga qochib o‘tishgan edi.