Mo‘ynoqda IV xalqaro «Rally Maynak» ekstremal avtomobil musobaqasi boshlandi. Turnir Qoraqalpog‘iston Respublikasi Juqorg‘i Kengesi, Madaniyat va turizm vazirligi hamda mudofaga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti boshchiligida tashkil etilmoqda.
Xalqaro darajadagi ushbu musobaqa 4 marotaba o‘tkazilmoqda. U nafaqat Qoraqalpog‘iston, balki O‘zbekistonga ham ko‘plab xorijlik turistlarni jalb qiluvchi o‘ziga xos tadbir hisoblanadi. «Rally Muynak» ekstremal avtomobil musobaqalari dastlab O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 5 yanvardagi «O‘zbekiston Respublikasida turizmni rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq 2019 yil o‘tkazilgan bo‘lib, ko‘pgina ekstremal turizm shaydolari va xorijiy mehmonlar orasida katta qiziqish uyg‘otgan edi.
So‘nggi yillarda mazkur musobaqaga bo‘lgan qiziqish ko‘payib bormoqda. Xususan, bu galgi musobaqada 40 dan ziyod avtomobil, 20 dan ziyod motosikl va 10 dan ziyod baggilarda umumiy hisobda 150 nafarga yakin sportchi qatnashmoqda.
Musobaqa trassasining umumiy uzunligi 425 kilometr bo‘lib, ushbu masofaning aksariyat qismi Ustyurt tekisligi va Orol dengizining tubidagi ekstremal hududlardan iborat. Motokross va avtokross (BAPI) musobaqalari maxsus trassada o‘tkaziladi. Musobaqalarda dvigatel hajmi 1600 sm3 va 2000 sm3 bo‘lgan maxsus uskunalangan sport avtomobillari, shu bilan birga, dvigatel hajmi 1600 sm3 bo‘lgan «BAGGI» sport avtotransportlari hamda dvigatel hajmi 152 sm3 dan 500 sm3 gacha bo‘lgan motosikllar ishtirok etadi.
Musobaqa yakunlari ertaga, 27 may kuni e’lon qilinadi va g‘oliblar taqdirlanadi.
Shahboz Sirojiddinov, "Aniq.uz" muxbiri