Bugun 17 aprel, 2024 yil, chorshanba

КИР

Murod Muhammad Do‘st: «Ijtimoiy-siyosiy passivlikni oqlaydigan o‘zbek maqollari ko‘p: «Och qornim – tinch qulog‘im»

Murod Muhammad Do‘st: «Ijtimoiy-siyosiy passivlikni oqlaydigan o‘zbek maqollari ko‘p: «Och qornim – tinch qulog‘im»

– Murod aka, sizdagi achchiq istehzo Oshno bilan Moyra munosabatida ochiq ko‘rinadi. Moyra go‘yo Oshno or-nomusining bahosi. U ezgulik deb ishongan narsalarning qadr- qimmati ko‘cha qizi Moyraning iffati kabi ro‘yodir. Dunyoga partiyaviy obro‘, davlat nufuzi degan tutumlar orqali qarash cheklangan, tor odamga xos. Ehtimol, oshnolarning omadi shundadir, balki fojiasi ham...

– «Lolazor» romanidagi Oshno haqida gapiradigan bo‘lsak, to‘g‘risini aytsam Oshnoga ham, Yaxshiboyevga ham, ayniqsa, yoshlik paytlariga ayricha bir mehru muhabbat bilan qaraganman. Oshno soddaroq, quv Yaxshiboyevga nisbatan tozaroq. Uning tadrijiga kelsak, Oshnoning o‘rnida boshqa odam bo‘lganda ham ayni shu ahvolga tushardi. Moyrani juda yuksaklarga ko‘tarib qo‘yadi, benihoya go‘zal ayol etib ko‘radi. Balki u haq bo‘lgandir. Rosti, Oshnoning o‘rnida men o‘zim bo‘lganimda ham shu ahvolga tushardim. Asar oxirida qutqu haqida bekorga yozilmagan ekan. Men ham ozgina amaldor bo‘lib ko‘rdim. O‘shandayam shuni sezdim. Bir gap bor-ku: «Vlast portit cheloveka, a absolyutnaya vlast portit absolyutno». Oshnoni hokimiyat buzdimi? Bunday qaraganda, hokimiyat mavhum tushuncha. Hokimiyat yoki hokim qaydan paydo bo‘ladi? Oshnoga birov rost gapirmay qo‘ydi. Hatto Yaxshiboyev ham. Atrof shunaqa odamlar bilan o‘ralgan. Balki ishonmassiz, lekin eng kazzob odam ham xudo yorlaqab amalga, hukumat tepasiga kelsa, yaxshi niyat bilan keladi. Lekin kelgandan keyin uning mavqei, kuchi orqali yaxshi-yomon niyatlarini amalga oshirishga intiladigan guruhlar paydo bo‘ladi. Tushunganim shuki, mavqega olijanob orzular bilan kelgan odam ezgu niyatlarini amalga oshirish o‘rniga hokimiyatini himoya qilish haqida o‘ylay boshlaydi. Hammayoqqa shubha bilan qaray boshlaydi. Uning umri xarob qishloqni lolazor qilish emas, o‘zini himoya qilish bilan o‘tadi. O‘zi bilan o‘zi ovora bo‘lib qoladi. Atrofdagilarni bilasiz, siz zo‘rsiz, sizdan yaxshisi bo‘lishi mumkin emas deb madhiya o‘qiydi. Xullas, hokimiyatning mohiyati hech qachon o‘zgarmaydi.

– Oshnoga hatto Nazar Yaxshiboyev ham to‘g‘ri gapni aytmay qo‘ydi dedingiz. Shohlarning qismati shu shekilli.

– Ha.

– Nahotki, bundan ozod bo‘lolmasa?

– Qiyin. Juda qiyin. Bir kuni Islom aka rahmatli «Murod, men ba’zida qo‘rqib ketaman, hech kim menga e’tiroz bildirmaydi. Axir men xudo emasman-ku» deb qoldi. «Chekingizga tushgani shu, sizga hech kim rost gapirmaydi» dedim. Balki odam o‘zini o‘zi ko‘proq tergashi kerakdir. Dastlabki paytlarda u odamlarni eshita olardi. To‘qsoninchi yillarda «federasiyaga o‘tamizmi yoki konfederasiyagami?» degan savol tug‘ildi. U kishi go‘yo federasiya tarafdori bo‘ldi. Biz konfederasiya deb turib oldik. To‘rt kishi e’tiroz bildiraverdik. Nihoyat «sizlar yengdilaring, konfederasiya bo‘lgani ma’qul ekan» degandi. Endi men aslida uning ham ko‘ngli konfedederasiyaga moyil bo‘lgan deb tusmol qilaman, lekin ayni o‘shal zamonda rosmana federasiya tarafdori bo‘lib, biz bilan samimiy tortishgani bor gap. Keyinchalik, jonli haykal tusini ola boshlagan kezlari ham bir-ikki marta «meni maqtamanglar, xushomad qilmanglar, tanqid qilinglar» deb ham aytdi. «Yo‘q, e’tiroz bildiramiz! Siz nohaqsiz, qilayotgan tarixiy ishlaringizga munosib baho bermasak bo‘lmaydi» deb teskarisi qilindi. Biz shunday antiqa elatmizki, tuppa-tuzuk o‘ylaydigan, fikrlaydigan odamni ham oxir-oqibat laganbardorlik qilaverib yo‘ldan uramiz.

– Istaysanmi-yo‘qmi, taqqoslarda haqiqat ko‘rinadi. Sobiq ittifoq davrida armanlar o‘zining musiqiy qobiliyatini Aram Xachaturyan, Arno Babajanyan, Mikel Tariverdiyev bilan ko‘rsatdi. Ozarlarda Rashid Beybutov, Muslim Magomayev va Kara Karayev bor edi. Gruzinlarning ruhiy qudratini bir-biridan iste’dodli kino va teatr rejissyorlari olib chiqdi. Qirg‘izlardan Chingiz Aytmatov o‘z so‘zini aytib chiqdi. Biz-chi? Bizning ma’naviy-madaniy o‘rnimiz qay ahvolda edi?

– Bu haqida men ham ko‘p o‘ylaganman. Gruzin kinematografiyasini italyanlarning neorealizmiga taqqoslash mumkin. Bizning odamlarimiz xarakterida chapanilik bor. Lekin bu na adabiyotimizda, na kinomizda chiqqan. Asarlarimizda odamlarimiz qo‘yday yuvosh bo‘lib qolgan. Zora, bizning yozganlarimiz dalada sepilgan o‘g‘itga aylansa, ya’ni go‘ngga o‘xshatib sepilsa, shu yerda yangi og‘ochlar, yangi gullar o‘sib chiqsa, bizning xatolarimizdan xulosa chiqargan avlod yetishib chiqsa.

Asosiy muammo adabiy-madaniy muhitning yo‘qligida. Hozir savodsizlik tantana qilayotgan davr. Saviya juda past. Paulo Koelo bilan Xaruki Murakamini katta yozuvchi deb aytishadi. Menimcha, buyuk yozuvchilar Markes bilan tugagan. Lekin Koelo yoki Murakami yetishib chiqishi uchun ham muhit kerak. Bu jamiyatning umumiy savodi bilan bog‘liq. Adabiy muhit yoki kinematografik muhitning yozuvchilar yoki kinochilar uyushmasi doirasida yaratilishiga ishonmayman. Har bir odam savodi, didi yuksalayotganini o‘zi sezsin. Baribir bu masalada optimistman. Biz qo‘yday yuvosh qilib tasvirlagan xalq aslida asov va chapani. U o‘z so‘zini baribir aytadi.

– Asov qilib tasvirlashga nima xalal beradi?

– Ichki senzurani yengib o‘tish kerak. Bilasizmi, sho‘ro davridan boshlab jamiyatni hadik bilan yashashga o‘rgatib qo‘ydik. Bu hadik hali ko‘ngildan chiqib ketgani yo‘q. Ijtimoiy-siyosiy passivlikni oqlaydigan o‘zbek maqollari ko‘p: «Och qornim – tinch qulog‘im», «Yarimta non – rohati jon». Bularni fazilat sanashadi. Aslida bu fazilat emas, qusur.

– Uzr, dunyoni qabul qilish borasida go‘daklik bosqichida turgandekmiz. Matbuotning ahvoli ma’lum. So‘zga hojat yo‘q. Ko‘rsatuv va filmlar televideniye elagidan shu qadar elanadiki... Go‘yo tomoshabin, aniqrog‘i, xalq «tegma, kuyasan» bosqichida turgan bola...

– Menimcha, bu rahbarlarning qo‘rqoqligi bilan bog‘liq. Qo‘rqoq. Masalan, men necha marta ko‘rdim, bizning filmlarimizni – o‘zim yozgan ssenariylarni televideniye qirqib tashlagan. To‘liq-to‘liq epizodlarni qirqib ko‘rsatadi. Epizod tushib qolgandan keyin film to‘liq bo‘lmay qoladi-ku! Juda bo‘lmasa «piy-piy» qo‘yib, signal berib qo‘y. «Bir narsa bo‘lib qolmasin-da, bir narsa bo‘lib qolmasin». Qachon biz dadillikni o‘rganamiz? Qachon?! O‘zim ham bir narsani olib tashlaganman. Shukur Xolmirzayev haqida hujjatli film qilishgandi. Shukur aka gapirib turib, «Yozolmay qolsam, o‘zimni otib tashlayman» dedi. Keyin men «Shukur akaga aytinglar, yozolmay qolsa o‘zim borib otib kelaman» dedim. Qarasam umuman yopishmayapti. G‘alati. Azbaroyi «o‘zimni otaman» degan gapdan qo‘rqqanimdan qilmaganman. Endi bilasiz, Shukur akam ozgina rol o‘ynar edi. Lekin katta yozuvchi. Yozganlaridayam artistizm seziladi-da.

«Kuchukvachchaning ko‘zining o‘tini olib qo‘y, qo‘rqadigan bo‘ladi» deyishadi. Jurnalistlarga bunday muomala qilmasdan, erk berish kerak. Umuman televideniye didni tarbiyalashiga ishonmayman. Televideniye o‘zining vazifasini bajarayapti. Xohlaymizmi-yo‘qmi, hokimiyatning g‘oyalarini xalqqa singdirish uchun xizmat qiladi. Bittagina umid – hokimiyatning g‘oyalari yuqoriroq, yaxshiroq bo‘lishini odam xohlaydi. Ya’nikim kinoga, adabiyotga, televideniyega qo‘yiladigan talabning yuqoriroq bo‘lishini xohlaysan.

– Nazar Yaxshiboyev adabiyotda o‘rni yo‘q, lekin iste’dodidan ancha yuksak e’tirof etilgan bir gala milliy klassiklarning o‘lmas obrazi. Hamon «Yulduzni ko‘zlagan qiz» nuqsidagi maqolalar rag‘batlantiriladi, qurbonoylarning o‘lani esa hech tugay demaydi. Lekin «Lolazor» romani qahramonining haqiqatlarida sizning istagingiz aks etgan. U Murod Muhammad Do‘stning Nazar Yaxshiboyevi. Bu sizning orzungiz... Yaxshiboyevning biz bilgan izdoshlari ham hech bo‘lmasa ichida o‘zining kim ekanini tan olarmikan?

– Adabiyotdagi tiplar syujetlar kabi o‘zgarmaydi, shekilli. Yaxshiboyev farosatli odam, o‘zining nechchi pullik tosh ekanini biladi. Baribir u talantli. Yaltiroq unvonlarga, amallarga berilib, gavharni toshga urgan odam-da. Lekin bugungi yaxshiboyevlarga qarab, bularda farosat borligini bilmayman. Farosat ko‘rmayman. Yaxshiboyevda bir gap bor-ku «Xudo bo‘lganda bunday qilolmasdim» deydi. Ateist edi-da u. Bularning ham ko‘pi xudosiz. Har bir odamning ko‘nglida oriyat bo‘lsa, o‘zini hurmat qilsa yaloqxo‘rlik qilolmaydi. Xushomad qilayotgan odamda men shaxs ko‘rmayman, hurmat qilmayman! Bilinib turibdi-ku, tag-tagda ilinj yotibdi. Zamonaviy yaxshiboyevlar o‘zidan, o‘tayotgan umridan mamnun. Ular o‘zining ahmoqligini bilmaydi! ...Va shunisi bilan baxtiyor. Bir zamonlar bittasi «Qo‘shiq yozsang Akmal akaday yozsang-da» degandi. Akmal Po‘latni menga mezon qilib ko‘rsatgandi. Hozir Akmal akalarning zamoni keldi. Kinoda ham, jurnalistkada ham, adabiyotda ham. Ba’zida ularga havasing ham keladi. O‘zidan mamnun, dunyodan mamnun, u yozmasa kim yozadi?! Doim hozirjavob turadi. Men yaxshi gapni aytishga ham istihola qilaman. Ular yaxshi bo‘lsayam maqtaydi, yomon bo‘lsayam.

– Bir suhbatingizda «Muhabbat borasida yozmaslikka harakat qilaman. Muhabbat deganlari shu qadar buyuk va nozik tuyg‘uki, unga munosib qahramonlar va ular aytadigan so‘zlarni topish qiyin...» va «Yaxshiboyevni oqlaydigan yagona narsa – Oliyaga muhabbati» degansiz. Xullas, muhabbatga munosib bo‘lmoqlik! Bu haqiqatga qachon kelgansiz?

– Odam butun umrini qaytadan titkilashiga to‘g‘ri keladi. Muhabbat haqida yozgan yagona narsam «Dashtu dalalarda» bo‘lsa kerak. Lekin bu ham iddao bilan yozilgan. Qahramonni atay oddiy cho‘pon qilib olganman. Yaxshiboyevning Oliyaga muhabbati ham ko‘zyoshi bilan yozilgan. Ha, u – o‘zim. Lekin buni rasshifrovka qilish kerak emas. Har bir odam o‘zining hayotidan kelib chiqadi. Muhabbat odamni chiroyli qiladi. Yaxshi ko‘rgan odam jinniga o‘xshaydi. Sening ko‘ngling dunyoning markaziga aylanib qoladi. O‘sha paytdagi holatni eslab qolib, ko‘ngilga joylab, keyin ham juda uzoqlab ketmasang, o‘shanda yaxshi oila tug‘ilsa kerak.

Murod Muhammad Do‘st «Okaxon» filmida Murodxon aka ismli boyvachchaning rolini ijro etgan.

– Lev Tolstoy musiqani qalbning ibodatiga mengzaydi, Murod Muhammad Do‘st esa «Galatepaga qaytish» asarida «beva ko‘zyoshiday pok» deb ta’riflaydi. Qalb bu darajaga yetib kelib, ohangni bunday injalikda baholashi o‘z-o‘zidan emas, albatta. Buni men mahorat emas, did deb o‘ylayman.

– Bu mening esimdan chiqib ketgan ekan. O‘zi kelgan. «Bevaning ko‘zyoshiday pok». Ayolning ichidagi ayriliqning azoblari yig‘lab-yig‘lab oxiri tiniq bir narsaga aylansa kerak-da. Bu og‘ir ko‘zyosh tomchisi bo‘lsa kerak. Bilasizmi, go‘yoki tannozlik-oliftalik qilayotganga o‘xshaysan, lekin yozayotgan paytda o‘zi kelib qoladi, buni tushuntirib berolmaysan. Men prozada ohangga ko‘p e’tibor beraman. So‘zlarning o‘zidan manzara paydo qilish mumkin. Ba’zi so‘zlarning o‘zida manzara bor, harakat bor. Endi did masalasiga kelsak. Did balkim talantdir. Balkim talant diddir. Uch-to‘rt kundan beri «farosat» so‘ziga izoh izlayman. Did dedik, ziyraklik dedik, zehn dedik, lug‘atlarni bugun ko‘rib chiqdim. Aql, did, farosat, talant... Lekin dehqoncha farosat ham bo‘ladi, savodi bo‘lmasligi mumkin, lekin unda bir farosat borki, boshqalarni qoyil qoldiradi. O‘zini tutishida, obro‘ saqlashida, keraksiz so‘zni ishlatmasligida ko‘rinadi.

– Did pachoq bo‘lib turib, yaxshi narsa yozish qiyin bo‘lsa kerak...

– Yo‘q, yozib bo‘lmaydi! Avval didni tarbiyalash kerak. Shuning uchun ham jamiyatning – adabiy muhitning, kinematografik muhitning, musiqiy muhitning shakllanishi-yuksalishi uchun birinchi o‘rinda did kerak. Men bekorga dodlayotganim yo‘q, o‘rtamiyona narsalarni mezon qilib olayotganimiz bizning didimiz tushib ketayotganini ko‘rsatib turibdi. Bo‘lajak aktyorlar, yosh teatrshunoslar bilan gaplashganim sayin qayg‘uga cho‘mib borayapman. Ko‘p narsa bilmaydi, ko‘p narsa o‘qimagan. Afsus, majbur qilolmaysan. Yaxshi asarning millati bo‘lmaydi. Chukcha o‘qisa o‘zining chukchachasiga tushunadi, o‘zbek o‘qisa o‘zbekona tushunadi. O‘tish davrida yashagan odamlarning sho‘ri qursin degan gap bor. Sizlarning avlodlaringizning chekiga shunday davr tushdi. Parokandalik boshlandi, qalayi-qalbaki daholar paydo bo‘ldi. Vatanparvarlikka ortiqcha urg‘u berib, hech keraksiz fanlarni kiritib tashladik. Ura-patriotizm avj oldi. «Mustaqillik» so‘zini xor qilib tashlamaslik kerak. «Mustaqilligimiz» deb boshlashi bilan, demak, sen hali to‘liq mustaqil emassan deb o‘ylayman. Nima keragi bor? So‘zning qadri yo‘qolib ketdi. Qanchalik kam ishlatsak, bu tushunchaning qadri o‘shancha baland bo‘ladi. Didsizlik rasmiy darajaga ko‘tarilgan, shiorlarga aylantirilgan. Nahotki, farosatli odamlar yo‘q? Bor. Lekin aytgani qo‘rqadi. Hukumat, ya’ni hokimiyat o‘zining manfaatiga – g‘oyalariga moslab bayram o‘tkazishi mumkin, lekin buning uchun yarim yil tayyorgarlik ko‘rish kerak emas...

– Nazarimda, senzura degan tushovu taqiqlar aqlga – taffakkurga emas, bilak kuchiga suyanadigan siyosatga xos zaiflik bo‘lsa kerak.

– Endi qo‘rqitish, bilak kuchi bilan ish bitmaydi. Baribir peshonangga miltiq tiragani bilan sen o‘ylaydiganingni o‘ylaysan-ku. Hozir ijtimoiy tarmoqlar bor. Men buni jahannam deb aytaman. Yaxshiyam kiradi, yomonam kiradi. «Alhamdulilloh» deb boshlaydi-da, sal turib ota-bobosini axtarib ketadi. Odamlardagi ilg‘or g‘oyalarni olib, ko‘nglidagi niyatini ilg‘ab, ulardan oldinroq ijro qilish bilan xalqning ko‘nglini olish mumkin. Hozir xalqning kayfiyati qanday ekanini bilish juda oson. Va qaysi tomonga qarab yo‘naltirishni, ya’ni boshqarishni ham bilsa bo‘ladi.

– Murod Muhammad Do‘stning shaxsi qaysi qahramonida ko‘proq ko‘rinadi? Nazar Yaxshiboyev, Saidqul Mardon, Samad yoki olim yigit G‘aybarov...

– Bilmadim, balki G‘aybarovdir... Balkim... Qissaga kirmay qolgan joy bor. Shaharga kelgan qishloqi yigit G‘aybarov o‘zicha kultur bo‘lib, bolaligini – eski chorig‘ini unutadi. O‘zim ham oddiy kolxozchining bolasiman. O‘zimizcha kechagi kunimizga «puf sassiq» deb qaragan paytlarimiz bo‘lgan. Afandi laylakning oyog‘i bilan tumshug‘ini qirqib, «ana endi qushga aylanding» deydi... Biz ham o‘zimizning oyog‘imiz bilan tumshug‘imizni qirqib «ana endi qushga o‘xshadik» deb yurgan paytlarimiz bo‘lgan. Qissadan tushib qolgan bu sahifalarni yaqinda topib oldim...

– Yozuvchi Murod Muhamad Do‘st, arbob Murod Muhammad Do‘st, shaxs Murod Muhammad Do‘st – qaysi biri ko‘proq o‘zligiga xiyonat qildi?..

– Yutqizganda yozuvchi yutqizdi. Amaldor bo‘lib go‘ram qilganim yo‘q. Faqat vaqt ketgani qoldi. Amaldor-pamaldor bo‘lib yurgan paytimda ham o‘zimga yarim mazax bilan qarardim. O‘zimga kulib qarash odati bolalikdan beri bor. Doim o‘zimni chekkada turib tomosha qilganman. Ba’zida esdan chiqqan – havolangan paytlar ham bo‘lgan. Baribir odamga mansab yoqadi. Jiyanlarim biram ko‘payib ketgan. Qarindosh ko‘payadi, do‘stlar ko‘payadi. Ko‘tarish juda qiyin. Hamma seni talantlisan deydi. O‘zimning talantli emasligimni bilardimu, lekin yoqardi-da. Ishongim kelardi. Siyosatchi Mahatma Gandiga o‘xshashi kerak. Bitta dovoti, bitta ruchkasi, lekin shippagi ikkita bo‘lgan! Yo‘q, shippagi ikkita bo‘lgan ekan. Yana bir «noto‘g‘ri» ishga yo‘l qo‘ygan, Londonga borganda plash kiygan. Chunki sovuq. Odamning atrofida qarindosh-urug‘lar bo‘lmasa juda katta ishlar qilishi mumkin. O‘shanda xalq ham ishonadi. Gandi manfaatlarni sidirib tashlab, o‘zini hindilarning ravnaqiga bag‘ishlagan shaxs-da! U – ideal! Yetib bo‘lmaydi. Lekin unga yetishish haqida o‘ylash kerak. Ha, yozuvchi yutqazdi. Ko‘p narsalarni tushunaversangiz hafasala pir bo‘la boshlarkan, zavq ham yo‘qoladi. Shunday qaraysiz-da, bu xatti-harakat tagida nima yotganini tushunasiz. Men shu hikoyani yozsam dunyo o‘zgaradimi deb o‘ylaysan. Hech narsa o‘zgarmaydi. «Lolazor»ning davomi bo‘ladimi deb ko‘p so‘rashadi. Davomi bo‘layapti-ku! Hech narsa o‘zgargani yo‘q... Hukumat tepasiga halol-toza odamlar kelsa xalq yutadi. Halollikdan ham ko‘proq yuksak did kerak. Dunyo siyosatini, dunyo madaniyatini, dunyo sivilizasiyasini tushunadigan, keng fikrlaydigan, yuksak darajada fikrlaydigan shaxslar... O‘shandayam hammayoq lolazor bo‘lib ketmaydi. Ham madaniyatni, ham adabiyot va san’atni, kamida diplomatiyani tushunish juda qiyin ish-da... Putin «Gandi o‘lgandan keyin gaplashadigan odam ham qolmadi» degandi...

Yozuvchi: «Sovet davridan ham to‘g‘ri gapni yozganlarning kitobi qoldi».

– Murod Muhammad Do‘st kim?

– Yaxshi bog‘bon bo‘lgim keladi, yaxshi usta bo‘lgim keladi. Yozuvchiman deb aytish men yaxshi odamman deyish bilan barobar. Adabiyotni, yaxshi qo‘shiqni, yaxshi kinoni xush ko‘radigan havaskorman. Ma’rifatli bo‘lishga imkon qadar harakat qilaman. Yaxshi ota bo‘lishga intilaman. Odam yetmishga kirsayam harakat qilaverarkan-a...

Unvon, ordenlar hech narsa bermaydi. Sovet davridan ham to‘g‘ri gapni yozganlarning kitobi qoldi. To‘g‘onlar, elektr stansiyalari, keng paxtazorlar haqida yozilgan dostonu romanlar qolib ketdi. Odamning dardini, jamiyatning dardini yozgan odam yutadi. Amal, unvon – bular hech narsa emas. Odamzotning ko‘zi bir hovuch tuproqqa to‘yadi-ku. Qanoat qilgan odam yutadi. Bir zamonlar Qashqadaryoda 108 yoshli chol bilan uchrashgan edim. Qanday qilib shuncha yoshga kirdingiz deb so‘raganimda, «Bolam, men o‘zimni hammadan past oldim» degandi. Odamzot oziga shukur qilishi kerak. Hamma narsaga erishishning iloji yo‘q. Bitta yaxshi hikoya yozsang yoki o‘qisang, bir she’rdan ta’sirlansang shunga xursand bo‘l. Faqat badbin bo‘lmasang, hasadgo‘y bo‘lmasang – birovning bog‘i senikidan yaxshiroq, yashilroq tuyulmasa bo‘ldi.

Iqbol Qo‘shshayeva suhbatlashdi

Manba: minbar.uz

Kiritildi: 07:00 10.08.2019. O'qildi: 3668 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!