Bugun 3 may, 2024 yil, juma

КИР

Mudofaa vazirligi qo‘shinlari o‘rtasidagi boks bo‘yicha O‘zbekiston chempionati yakunlandi

Mudofaa vazirligi qo‘shinlari o‘rtasidagi boks bo‘yicha O‘zbekiston chempionati yakunlandi

G‘azalkent shahrida joylashgan harbiy qismda boks bo‘yicha Mudofaa vazirligi qo‘shinlari o‘rtasidagi O‘zbekiston chempionati yakunlandi. Bu haqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar departamenti xabar berdi.

To‘rt kun davom etgan musobaqada 130 nafarga yaqin charm qo‘lqop ustasi oltita vazn toifasi bo‘yicha yakkalik va jamoaviy birinchilik uchun kurash olib bordi.

Ofiserlar, serjantlar, kursantlar va muddatli harbiy xizmat burchini o‘tayotgan harbiy xizmatchilar o‘tkazilgan har bir jangda chempionlik uchun murosasiz kurash olib bordi. Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugida o‘z yigitlik burchini o‘tayotgan oddiy askar Azizxon Abdullayev 69 kg vaznda ringga ko‘tarilib, unutilmas g‘alabaga erishdi. Azizxon hal qiluvchi bellashuvda Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurti kursanti Azizbek Qahramonovni yaqqol ustunlik bilan mag‘lub etdi. Qolgan beshta vaznning barchasi shartnoma bo‘yicha harbiy xizmat qilib, yurt tinchligini qo‘riqlayotgan kichik serjantlarning g‘alabasi bilan yakunlandi.

Kichik serjant Jahongir Davidov (Maxsus avariya-tiklash boshqarmasi, 63 kg), muddatli harbiy xizmatchi Azizxon Abdullayev (Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugi, 69 kg), kichik serjant Faxriddin Mamatxo‘jayev (G‘azalkentda joylashgan harbiy qism, 75 kg), kichik serjant Islombek Mo‘minov (Toshkent harbiy okrugi, 81 kg), kichik serjant Husanboy Xudaynazarov (G‘azalkentda joylashgan harbiy qism, 91 kg) va kichik serjant Sergey Qurbonov (G‘azalkentda joylashgan harbiy qism, +91 kg) o‘z vazn toifalarida O‘zbekiston chempioni degan sharafli yutuqni qo‘lga kiritdi. Final bahslari shu qadar shiddatli va murosasiz kurashlarga boy bo‘ldiki, ularning deyarli barchasida g‘oliblar o‘z raqiblarini muddatidan oldin texnik nokautga uchratdi.

— Boks bilan 10 yoshimdan shug‘ullanib kelaman. Birinchi marta Mudofaa vazirligi qo‘shinlari o‘rtasida O‘zbekiston chempioni bo‘lganimdan g‘oyat mamnunman. Kecha yarim finalda raqibimni biroz qiyinchilik bilan yutgandim. Kechagi g‘alaba chempion bo‘lishimda ishonch uyg‘otdi. Ilgari ham respublika miqyosidagi musobaqada g‘olib bo‘lganman. Endi xalqaro musobaqalarda mamlakatimiz sharafini munosib himoya qilish uchun bor imkoniyatimni ishga solaman, deydi 91 kg vaznda chempion bo‘lgan Husanboy Xudaynazarov.

Mudofaa vazirligi qo‘shinlari o‘rtasidagi boks bo‘yicha O‘zbekiston chempionati yakunlandi

Mudofaa vazirligi qo‘shinlari o‘rtasidagi boks bo‘yicha O‘zbekiston chempionati yakunlandiG‘olib va sovrindorlar medallar, diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar. Jamoaviy hisobda birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan G‘azalkent shahrida joylashgan harbiy qismga Mudofaa vazirligining maxsus Kubogi topshirildi. Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugi hamda Toshkent harbiy okrugi terma jamoalari ikkinchi va uchinchi o‘rindan joy oldi.

Kiritildi: 13:00 21.11.2020. O'qildi: 2070 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!