Bugun 16 iyul, 2025 yil, chorshanba

КИР

Muammolarimiz sababchisi Islommi?

A A A
Muammolarimiz sababchisi Islommi?

Mustabid sovet hukumatidan ozod bo‘lganimizdan buyon O‘zbekiston uchun Islom dini o‘ta nozik mavzu bo‘lib qolmoqda. 27 yillik yangi tariximizga qarasangiz, millat miqyosidagi katta talafotlarning barchasi u yoki bu yo‘sinda albatta Islom diniga tirkashga harakat qilinadi. 1991 yilgi Namangan voqealari, 1999 yilgi Toshkentdagi portlashlar, 2005 yilgi Andijon… Xulosaga shoshgan odam, darrov o‘ylashni boshlaydi – demak falokatimiz sababchisi Islommi?! Xudo saqlasin, aslo yo‘q! Mening nazarimda, muammoning ildizi boshqa tomonda. Butun boshli bir avlod yetishib 27 yoshga to‘ldiyamki, biz hali hanuz davlat va din degan tushunchalar o‘rtasida mutanosiblikni yo‘lga qo‘ya olmayapmiz.

Yangi hukumat «endi hammasi boshqacha bo‘ladi, bu islohotlarimiz orqaga qaytmas xarakterga ega», deb xalqni ishonchini qozona bildi. Inson huquqlari to‘la tiklanishi, hech qaysi din, kasb, toifa vakillari kamsitilmasligi, qonun oldida hamma barobar ekanligi minbarlarda yangradi. Xalqning turmushi har jabhada tubdan o‘zgarib ketmagan esada, fuqaro manfaatlari yo‘lida qilinayotgan urinishlar ichki va tashqi doiralarda yuqori baholanib, yurt rahbari nomiga ko‘p tahsinlar aytildi. Aynan mana shu xatti-harakatlar rivojlangan davlatlarning O‘zbekiston sari qadam tashlashiga, vatanimizga katta miqdordagi xorijiy sarmoyaning kirib kelishiga zamin hozirlab turibdi. Bu bilan o‘z navbatida xalqni ichidan kemirib kelayotgan ishsizlik muammosiga salmoqli yechim topish va turmush tarzini yaxshilash maqsad qilindi.

Mana shunday ko‘tarinki kayfiyatda yangi hukumat boshchiligidagi ikkinchi Ramazonni ham qarshiladik. Ammo, taassufki, hali Ramazonning ro‘zasini tutib ulgurmasimizdan ijtimoiy tarmoqlarda musulmonlar larzaga keldi. Birin-ketin yana o‘sha og‘riqli mavzu bo‘y ko‘rsata boshladi. Internet sarhadlarida tarovih namozlarida 18 yoshga yetmaganlarning masjidlarga kiritilmayotgani, ro‘zador o‘quvchilarning ro‘zasi majburan ochtirilgani kabi xabarlar bolalab ketdi. Bunday norozilik kayfiyatini kuzata turib, odamning ich-eti ezilib ketyapti. Avvalgi soqol va hijobga bo‘lgan noqonuniy taqiqlar ortidan bular endi dard ustiga chipqon bo‘ldi. Kamiga mana shunday holatlarda ba’zi ziyolilarning «Xalqning oldida shuncha tashvish turganda shu birgina ro‘mol yoki masjidga borish masalasi shunchalar muhimmi? Xalqqa foydaliroq mavzu muhokama qilinsa bo‘lmaydimi?» qabilidagi e’tirozlari quloqqa chalinib qoladi. Ammo, unutmasligimiz kerak, mana shu norozi odamlar ham xalq, ular ham shu yurtning ajralmas bo‘lagi. O‘ylab ko‘rilsa, qorni och odamga yo‘llarning tekis emasligining sariq chaqalik ahamiyati yo‘q bo‘lganidek, har bir fuqaroning o‘z tashvishi bor va hukumat uchun buni e’tiborsiz qoldirish zinhor joiz emas. Chunki hukumat bu – ana shu fuqarolar o‘zi saylagan vakillardan iborat jamoa demak!

Muammoga qaytsak, bunday dilxiraliklarning aksari negadir aynan Namangan viloyati chekiga tushayotgani odamni jiddiy xavotirga soladi. Hammamizga ma’lumki, vodiy ahli, shu jumladan, namanganliklar ham Islom ahkomlarida ancha qat’iyatli ekanligi va shuning uchun bu yerli aholi nohaqlikka toqat qila olmasligi bilan ajralib turadi. Aynan ma’lum hududlarda va xalq bundan norozi ekanligiga qaramay kuzatilayotgan taqiqlardan qaysidir toifa odamlar aholida sun’iy norozilik kayfiyatini uyg‘otish va natijada xalqning boshiga yana eski kunlarni qaytarishni maqsad qilganmikan degan taxmin odamni mahzun qilayotir.

Achinarlisi shundaki, mavjud holat bundan boshqacha taxmin qilishga yo‘l qoldirmayapti. Agar, Xudo ko‘rsatmasin, farazimiz to‘g‘ri chiqqudek bo‘lsa, o‘z-o‘zidan savol paydo bo‘ladi: bundan kim manfaatdor?! Zotan deyarli hamma sohada rahbarlar almashtirildi va yangilarning ish yuritish falsafasi qonun hamda prezident topshiriqlariga monand bo‘lishi kerakdek. Shuningdek, aynan inson huquqlaridek nozik mavzuni tegib o‘tadigan e’tiqod erkinligiga tajovuz qilish masalasi yangi hukumat uchun O‘zbekiston ichida ham, tashqarisida ham faqat zararga ishlashi kundek ravshan. Uzoq yillik tajribaga ega bo‘lgan yurtboshimiz buni yaxshi biladi. Xo‘sh, unda aholining noroziligiga sabab bo‘layotgan bunday buyruqlarni qaysi rahbarlar beryapti?!

Shu nuqtada bizning tasavvur doiramiz cheklanadi. Rasmiy tashkilotlar sukut saqlashda davom etar ekan, biz o‘zimizni turli taxminlar bilan chalg‘ita olmaymiz va rasmiy izoh berilgunga qadar sabr qilishdan boshqa choramiz yo‘q. Biroq rahbarlarimiz, ya’ni bizning hukumatdagi vakillarimiz, bir narsa haqida mulohaza yuritishlari maqsadga muvofiq – yangi hukumat xalqqa qo‘rqmay o‘z haq-huquqi uchun kurashishni o‘rgatib ulgurdi. Bunday vaziyatda nafaqat e’tiqod erkinligiga tajovuz masalasi, balki hayotning barcha jabhasidagi turli noroziliklarga ham sukut bilan javob qaytarish oqilona o‘ylangan tadbir emas. Har qanday muammoga darhol rasmiy munosabat bildirilishi va qonun fuqarolar tomonida ekanligi ommaga yetkazilishi kerak. Muammolarga ko‘z yumishni odat qilgan rahbarlar esa ertami-kechmi fosh qilinishi va o‘z qo‘llari bilan butun umrlik mehnatlarini o‘zlari ko‘kka sovurayotganlarini har kuni eshitib-ko‘rib-bilib turibmiz.

Endi ikkinchi tomon, ya’ni fuqarolar, ayniqsa, musulmon aholi bunday qaltis vaziyatda har doimgidan ham aqlliroq va farosatliroq yo‘l tutishi lozim. Qanday muammo yuzaga kelishidan qat’i nazar, qonun fuqaro tomonda ekanini yaxshilab tushunib olishimiz kerak. Hukumat xalq o‘z irodasini ifoda etishi uchun hamma choralarni ko‘rib kelyapti. Biz esa fuqaro o‘laroq ana shu imkoniyatlardan foydalana bilishimiz, o‘zimizda fuqarolik madaniyatini shakllantirishimiz zarur. Hissiyotlarga berilmay, muammolarimizning yechimi uchun qonuniy asosda tegishli tashkilotlarga murojaat qilsak va uning hal etilishida qat’iyat ko‘rsata bilsak, o‘zimizga ham, davlatga ham foyda keltirgan bo‘lamiz. Axir Mahmudxo‘ja Behbudiy bobomiz bilib aytmish, hech kim qo‘sh-qo‘llab bermaydi, aksincha fuqaro o‘z haq-huquqlari uchun o‘zi harakat qilishi zarur.

Javohir IZZATULLOH

Manba: azon.uz

Kiritildi: 05:15 24.05.2018. O'qildi: 1331 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!