Mozambikning shimoliy Qabu-Delgadu viloyatida DAISh bilan bog‘langan “Ash-Shabab” terrorchi guruhi jangarilari kamida 120 nafar bolani o‘g‘irlab ketgan. Bu haqda Human Rights Watch (HRW) tashkiloti bayonotida ma’lum qilingan.
«Mozambikning shimoliy hududlarida kamida 120 nafar bola o‘g‘irlab ketilgan. Ulardan ayrimlari majburiy mehnatga jalb etilmoqda, ayrimlari harbiy maqsadda foydalanilmoqda yoki turmushga uzatilgan», — deyiladi bayonotda.
HRW ma’lumotiga ko‘ra, bolalarni ko‘p hollarda jangarilar o‘zlarining o‘g‘irlagan mol-mulklarini ko‘tarib olib yurishga majburlashadi. Ba’zilarini esa to‘g‘ridan-to‘g‘ri qurolli to‘qnashuvlarga jangchi sifatida jalb etishadi.
Tashkilot so‘nggi ikki oyda hujumlar va yosh bolalarni o‘g‘irlash holatlari keskin ortib ketganini ta’kidlamoqda. Shu munosabat bilan Mozambik hukumatidan bolalarni qidirish va yangi o‘g‘irlashlarning oldini olish bo‘yicha choralarni kuchaytirish talab qilinmoqda.