Rossiya ommaviy axborot vositalarining xabar berishicha, 19 kishi sud qilinmoqda. Sud yig‘ilishi jamoatchilik uchun yopiq shaklda o‘tkazilmoqda.
Jinoyat ishi bo‘yicha ayblanuvchilar sifatida taxmin qilingan to‘rt nafar hujumchi va ularni yashirishda ayblanayotgan 15 nafar “yordamchi” sudga tortilmoqda.
“BBC Rus xizmati”ning yozishicha, tergov ikki versiyani birlashtirgan. Tergovchilarning ta’kidlashicha, Crocus City Hall'dagi hujumni “Islomiy davlat” (ISHID) tarkibiga kiruvchi “Xuroson viloyati” terroristik guruhi uyushtirgan. Shu bilan birga, tergovchilar bu terakt xorijiy maxsus xizmatlar ishtirokida va “Ukraina oliy rahbariyati manfaatlari yo‘lida” sodir etilganini isbotlashga urinishmoqda.
Rossiya hukumati, jumladan, prezident Vladimir Putin hujumdan so‘ng darhol Ukraina bu voqeaga aloqadorligini bildirgan edi. Ukraina esa bu ayblovlarni rad etmoqda.
Mazkur teraktning bevosita tashkilotchilari hali topilmagan. Sud majlisi boshlanishi bilanoq, prokuratura iltimosiga ko‘ra, Ikkinchi G‘arbiy okrug harbiy sudi jarayoni jurnalistlar va omma uchun yopiq shaklda ko‘rilishi haqida qaror chiqardi. Bunga sud ishtirokchilarining xavfsizligiga tahdid asos qilib ko‘rsatildi.