Eron AQSh va Isroil bilan keskinlashgan ziddiyatdan keyin xalqaro munosabatlarini qayta ko‘rib chiqmoqda.
Eron rasmiylari AQSh hamda Isroil bilan bo‘lib o‘tgan qurolli to‘qnashuv oqibatlarini «jiddiy» deb baholamoqda. Urushdan ko‘rilgan zarar Eron hukumati kun tartibida asosiy o‘rinni egalladi.
Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchining ta’kidlashicha, 12 kunlik urush davomida ko‘rilgan moddiy va strategik zarar hozirda Eron Atom energiyasi tashkiloti mutaxassislari tomonidan baholanmoqda. Uning aytishicha, mamlakat zararni qoplash masalasini ustuvor vazifalar qatorida ko‘rib chiqmoqda.
Aroqchi shuningdek, Eronning AQSh bilan yadroviy muzokaralarni qayta boshlashi mumkinligi haqidagi gap-so‘zlarni inkor etdi. Unga ko‘ra, bu yo‘nalishda hech qanday kelishuv yoki reja mavjud emas.
Shu bilan birga, vazir parlament tomonidan BMT bilan yadroviy hamkorlikni cheklash haqidagi qonun loyihasi qabul qilinganini ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, Xalqaro atom energiyasi agentligi bilan munosabatlar yangi asosda yo‘lga qo‘yiladi.
Mojaro 22 iyunga qaragan kechasi AQSh prezidenti Donald Trampning Erondagi uchta yadroviy ob’ektga — Fordo, Natanz va Isfahonga aviahujum uyushtirganini ma’lum qilishi bilan boshlangan edi. Bunga javoban, Eron Qatar va Iroqdagi AQSh bazalariga raketa zarbalari bergan.
Qatar Eronning bu harakatini keskin qoralagan va javob qaytarish huquqini saqlab qolishini bildirgan. Saudiya Arabistoni ham ushbu bayonotni qo‘llab-quvvatlagan. Bundan so‘ng Yaqin Sharqdagi bir qator davlatlar o‘z havo hududini vaqtincha yopdi.
24 iyun kuni Eron va Isroil o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuv kuchga kirdi.