Misr prezidenti Abdulfattoh as-Sisiy Eron prezidenti Masud Pezeshkian bilan telefon orqali muloqotda Eron yadroviy muammosi bo‘yicha jiddiy va konstruktiv muloqotni qayta boshlash va muzokaralar stoliga qaytish zarurligini ta’kidladi, deb xabar berdi Misr prezidenti idorasi.
Sisiy mintaqada keskinlik kuchayib borayotgan sharoitda “barqarorlikni mustahkamlash, tinchlik va xavfsizlikka putur yetkazish urinishlariga qarshi kurashish bo‘yicha qo‘shma harakatlarni faollashtirish” muhimligini qayd etdi. U, shuningdek, Qohira vaziyatni yumshatishga qaratilgan sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.
“Tomonlarning Eron yadroviy muammosi bo‘yicha muzokaralar stoliga qaytishi mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlaydigan va yanada keskinlashuvning oldini oladigan tinch yo‘ldagi yechimga erishishning zaruriy shartidir”, — dedi Sisiy.
Pezeshkian esa Eron va Xalqaro atom energiyasi agentligi (MAGATE) o‘rtasidagi muloqotga yordam bergani uchun Misrga minnatdorlik bildirdi hamda Sisiyning shaxsiy sa’y-harakatlari va qo‘llab-quvvatlashi Eron va agentlik pozisiyalarini yaqinlashtirishda muhim ahamiyatga ega bo‘lganini qayd etdi.
Bu harakatlar Misr vositachiligida Eron va MAGATE o‘rtasidagi hamkorlikni qayta tiklash bo‘yicha Qohirada imzolangan kelishuvga olib keldi.
9 sentyabr kuni Qohirada Sisiy, Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aragchi va agentlik bosh direktori Rafael Grossi ishtirokidagi uch tomonlama uchrashuvdan so‘ng Eron va MAGATE o‘rtasidagi hamkorlikni tiklashga oid kelishuv e’lon qilindi.
Saudiya Arabistoni va Ummon ham Misr vositachiligida erishilgan kelishuvni qo‘llab-quvvatladi.
Eslatib o‘tamiz, 26 iyun kuni Eron parlamenti MAGATEni josuslikda ayblab, u AQSh va Isroil manfaatlariga xizmat qilayotganini bildirib, agentlik bilan hamkorlikni to‘xtatuvchi qonun qabul qilgan edi.
2025 yil iyun oyida Isroilning AQSh qo‘llab-quvvatlovi bilan Eronga qarshi 12 kunlik hujumi va Tehronning javob zarbalari ortidan 22 iyunda Vashington sulh e’lon qilgandi.