Bu haqda Politico xabar bermoqda.
Joriy yil 4 iyun kuni “Rosatom” rahbarlaridan biriga yo‘llangan maxfiy maktubda Misr Atom elektr stansiyalari boshqarmasi “El-Dabaa” AES qurilishidagi qator qoidabuzarliklarni sanab o‘tgan. Xususan, bir nechta reaktor bloklarida nuqsonlar borligi va yadro xavfsizligi madaniyati talablari buzilgani ta’kidlangan. Maktubda shuningdek, loyiha bo‘yicha mas’ul shaxslardan birining qasddan beparvoligi ham tanqid qilingan.
Ilgari hech qachon ommaga e’lon qilinmagan hujjatlar to‘plami maxsus xizmat xodimi tomonidan anonimlik sharti bilan ommaviy axborot vositalariga taqdim etilgan. Hujjatlar orasida qurilishdagi kechikishlar va muhandislik muammolarini tasdiqlovchi “Rosatom”ning ichki korporativ audit xulosalari ham bor.
Xususan, 1-, 2- va 3-energobloklar poydevor plitalaridagi nuqsonlarni bartaraf etish uchun bir yil vaqt sarflangan, 4-blok betonida esa bo‘shliqlar aniqlangan. Shuningdek, Misr tomoni “Rosatom”ni qurilishning yarmidan ko‘pi yakunlanganini ko‘rsatish maqsadida “chalg‘ituvchi usullar” va “soxta ishlar” qilishda ayblagan. Aslida esa atom stansiyasining asosiy binolari haligacha yer osti qurilish bosqichida ekani aytilyapti.
Shuningdek, Misr idorasi da’vosiga ko‘ra, “Rosatom”da ish joyidagi tartib va kasbiy madaniyat ham talab darajasida emas. Xodimlarda taqiqlangan alkogolli ichimliklar aniqlangan, ular soxta ruxsatnomalardan foydalangan, qurilish maydonchasida olingan surat va videolarni ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirgan. Yana bir holatda esa ishchilardan biri “og‘ir ochiq sinish jarohati” olgani, biroq u maxsus jihozlangan tez yordam mashinasida emas, balki xususiy avtomobilda olib ketilgani aytiladi. Bu holat “ishdagi hodisani qasddan yashirish” hamda “mehnat xavfsizligi qoidalarining qo‘pol buzilishi” deya baholangan.
2025 yilda “Rosatom” ichki audit loyihalaridan birida shartnoma majburiyatlarini bajara olmaslik “sezilarli xavf” ekani haqida ogohlantirish bo‘lgan. Davlat korporasiyasi AESning birinchi energoblokini ishga tushirishni bir yarim yilga — 2028 yil sentyabridan 2030 yil mart oyiga kechiktirishi mumkin.
“Rosatom” Politico'ga yuborgan bayonotida “El-Dabaa” qurilishida yadro xavfsizligining yuqori darajasi ta’minlanayotganini bildirgan. Biroq kompaniya Misr regulyatoridan qabul qilingan maktub va undagi shikoyatlar yuzasidan izoh berishdan qochgan. O‘z navbatida, Misr tomoni ham jurnalistlarning qator so‘rovlarini javobsiz qoldirdi.
Kiritildi: 14:06 19.08.2026.
O'qildi: 882 marta.
Fikrlar soni: 0 ta.