O‘zbekiston elchixonasi va Misr Sog‘liqni saqlash vazirligi o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muzokaralar natijasida ushbu mamlakat hukumati tomonidan O‘zbekistonga insonparvarlik yordami sifatida ajratilgan C gepatitiga qarshi dori vositalarining joriy yildagi ikkinchi partiyasi olib kelindi.
Qayd etilishicha, Misr tomoni umumiy qiymati 114 ming 829 AQSh dollari bo‘lgan 28 qutida 7440 dona C gepatitiga qarshi «Sofosbuvir-400mg» dori vositasini beg‘araz taqdim etgan.
7 iyun kuni Uzbekistan Airways aviakompaniyasi Misr hukumati tomonidan insonparvarlik ko‘magi sifatida ajratilgan C gepatitiga qarshi vositalarini Sharm ash-Shayxdan Toshkentga yetkazib bergan.
Ushbu dori vositalari O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti tomonidan bemorlarga taqsimlanadi.
O‘zbekiston elchixonasi ma’lumotiga ko‘ra, 2023-2024 yillarda Misr hukumati tomonidan mamlakatga C gepatitiga qarshi kurashish uchun umumiy vazni 12,4 tonna bo‘lgan «Daklatasvir» va «Sofosbuvir» dori vositalari 27 partiyada insonparvarlik ko‘magi sifatida berilgan.
Mazkur dori vositalarining umumiy qiymati 1,4 million AQSh dollariga teng.