2025 yil 21 noyabr kuni Chimkent shahrida "Turkic Culture and Heritage Foundation" hamda Chimkent shahar hokimligi hamkorligida tashkil etilgan turk etnodizaynerlarining “MIRAS” Xalqaro Forumi tantanali ravishda ochildi.
Forum doirasida “Turkiy kiyimshunoslik va naqshlarning semiotikasi” mavzusida xalqaro ilmiy-ta’limiy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Forumning maqsadi — turkiy dunyoning amaliy-bezak san’ati sohasida yangi g‘oya va ijodiy tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlaydigan zamonaviy platforma yaratish, uning boy madaniy merosini keng targ‘ib qilish hamda yoshlarning turkiy madaniyatga qiziqishini oshirishdir.
Xalqaro Forumning ochilish marosimida "Turkic Culture and Heritage Foundation" Prezidenti Aktoti Raimqulova xonum turkiy xalqlarning tarixiy xotirasi va ma’naviy o‘zligini saqlab kelayotgan an’anaviy turkiy naqshlarning chuqur ramziy ma’nosi haqida ilhomlantiruvchi nutq so‘zladi. U naqshlar shunchaki bezak emas, balki avloddan avlodga o‘tib kelayotgan muqaddas semiotik tizim ekanini ta’kidladi va ushbu merosni asrab-avaylash hamda yosh avlodga yetkazish mas’uliyatini uqtirdi.
Raimqulova xonim “MIRAS” ForuminI g‘oyalar birlashadigan, iste’dodlar uchrashadigan va milliy san’atga yangi sur’at beradigan kuchli maydon sifatida ta’riflab, Chimkent hokimligiga ko‘rsatilgan qo‘llab-quvvatlov uchun minnatdorlik bildirdi hamda barcha ishtirokchilarga ilhom, ijod va ajdodlar merosini ulug‘lash yo‘lidagi ishlarida muvaffaqiyat tiladi.
Shuningdek, Chimkent shaharining o‘rinbosar hokimi Kuranbek Sarsenning ishtirokI ham tadbirning yuqori ahamiyatga ega ekanini yana bir bor ko‘rsatib, shahar tomonidan turkiy dunyoning madaniy va ijodiy merosini targ‘ib etishga qaratilgan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash ta’kidlab o‘tildi.
Forumga Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya va O‘zbekistondagi yirik xalqaro ilmiy institutlar va tarixiy-madaniy markazlarning olimlari, folklorshunoslari, san’atshunoslari, etnograflari va yetakchi etnodizaynerlar tashrif buyurdi. Ular qatorida magistratura va doktorantura talabaLari, shuningdek, taniqli davlat va jamoat arboblari ham ishtirok etdi.