Aliment to‘lovlari farzandlar manfaatlarini ta’minlashga xizmat qilganligi sababli, har qanday sharoitda ham qidiruv choralari ko‘riladi va qonuniy javobgarlik ta’minlanadi.
Majburiy ijro byurosining Payariq tumani bo‘limida yuritilgan ish yuzasidan, Fuqarolik ishlari bo‘yicha Payariq tumanlararo sudining qaroriga asosan, qarzdor M.J.dan undiruvchi B.M. foydasiga farzandining moddiy ta’minoti uchun aliment undirish to‘g‘risida ijro hujjati kelib tushgan.
Ma’lum bo‘lishicha,, qarzdor ota uzoq vaqtdan beri aliment to‘lovlarini amalga oshirmaganligi sababli qarzi 53 million so‘mdan oshgan. Bundan tashqari, u noma’lum joyda yashirinib yurgan. Shu munosabat bilan, boshqarmaning qidiruv sho‘’basi tomonidan unga nisbatan qidiruv choralari ko‘rilgan.
Tezkor-qidiruv tadbirlari davomida, qidiruvdagi shaxs qo‘lga olingan va keyingi ijro harakatlarini amalga oshirish uchun davlat ijrochisiga topshirilgan.
Qidiruvdagi shaxs o‘z farzandi ta’minotidan bosh tortib, qonunga xilof ravishda harakat qilganligi sababli, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 122-1-moddasiga asosan unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.