Majburiy ijro byurosi organlari tomonidan qarorlar ijrosini ta’minlash orqali fuqarolarimiz hamda jamiyatlar manfaatlarini himoya qilish va odil sudlovga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash borasida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, joriy yilning o‘tgan davrida ijro etish sohasida 42,9 trln. so‘mlik undiruvlar amalga oshirilib, amalda bu ko‘rsatgich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 7 trln. so‘mga oshganligini ko‘rsatmoqda.
Birgina, davlat foydasiga 18,5 trln so‘m, tadbirkorlik va boshqa sub’ektlar foydasiga 10,4 trln. so‘m hamda banklar foydasiga 12,3 trln. so‘mlik mablag‘lar undirildi.
Jumladan, fuqarolarimiz manfaatlari uchun 1,7 trln. so‘mdan ortiq undiruvlar amalga oshirildi.
Fuqarolarning mol-mulkiga dahl qilmasdan va majburiy ijro harakatlari o‘tkazilmasdan axborot texnologiyalari yordamida masofaviy tarzda ishlaydigan 15 ta tumanlararo bo‘limlari tomonidan 760,1 mlrd. so‘mlik, 2,1 mln. ta hujjatlarning ijrosi ta’minlandi.
Energiya resurslari sohasida 44 ming 250 dan ziyod ijro ishlari tamomlanib, 907,6 mlrd. so‘mlik qarzdorliklar ham undirildi.
Shuningdek, ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan ijro hujjatlari bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Masalan, Davlatimiz rahbarining tegishli Farmoni bilan ehtiyojmand fuqarolarni qo‘llab-quvvatlar uchun joriy etilgan “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” hisobiga 1 trln. 21 mlrd. so‘m mablag‘lar yo‘naltirildi.
Moddiy yordamga muhtoj farzandlar foydasiga 1,7 trln. so‘mlik aliment mablag‘lari undirildi.
“Aliment to‘lovlari” jamg‘armasi hisobidan voyaga yetmagan farzandini moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlaganlik uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan qarzdorlarning 620 nafar undiruvchilariga 20,9 mlrd. so‘m zarar pullari to‘lab berildi.
Ishsiz aliment to‘lovchi fuqarolarning 23 ming 245 nafari ishga joylashtirildi, shu bilan birga olib borilgan tushuntirish va profilaktika ishlari natijasida, 12 ming 300 dan ortiq oilalar yarashtirildi.
Muqaddam noqonuniy tarzda ishdan bo‘shatilgan 685 nafar shaxslar ishga tiklandi va ularga to‘lanmasdan qolgan 51,8 mlrd. so‘m ish haqlari undirib berildi.
Byuroning rasmiy saytida aliment majburiyatlarini bajarishdan bo‘yin tovlab kelayotgan va qidiruv e’lon qilingan shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlar joylashtirilib borilmoqda va tezkor-qidiruv tadbirlari davomida 5 ming 608 nafar fuqarolar topildi.
Faoliyatimizga axborot-kommunikasiya texnologiyalarini joriy etish ishlari ham izchillik bilan davom ettirilmoqda.
Masalan, ijro ishi qo‘zg‘atilgani va qo‘llanilgan cheklovlar to‘g‘risida qarzdorlarni ogohlantirish tizimi orqali 86,3 mln.ta “SMS-xabarnoma”lar jo‘natildi.
Qarzdorlik haqida o‘z vaqtida xabar berilgani natijasida 2 mln.ta ijro ishlari ixtiyoriy muddatda tamomlandi.
Faoliyatga oshkoralik berish hamda jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish borasida, 43 mingga yaqin tushuntirish hamda huquqiy targ‘ibot tadbirlari o‘tkazildi, ushbu tadbirlarning 18 mingdan ortig‘i bevosita ommaviy axborot vositalari orqali amalga oshirildi.
Byuro organlari tomonidan qarorlar ijrosini ta’minlab, fuqarolarimiz va jamiyatlar huquq hamda manfaatlarini himoya qilish asosiy vazifalardan biri bo‘lib qolaveradi.