Farg‘ona viloyatining So‘x tumanida “Hududgaz Farg‘ona” GTF komplayens nazorat tuzilmalari, gaz ta’minoti bo‘limi xodimlari va huquq-tartibot organlari hamkorligida o‘tkazilgan reyd jarayonida avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchasida (AGTKSh) tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holati fosh etildi.
Tumandagi “G. O. O.” MCHJga qarashli AGTKShda xatlov o‘tkazilganda, gaz hisoblash uskunasiga o‘rnatilgan bir martalik tamg‘a uzilganligi aniqlandi. Holat bo‘yicha dalolatnoma tuzilib, qayta hisob-kitob amalga oshirildi va 9 milliard 757 million so‘m zarar hisoblandi.
Holatga oid barcha hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga topshirildi.
Mazkur yo‘nalishdagi nazorat tadbirlari respublika bo‘ylab barcha hududlarda davom ettirilmoqda.