«Barselona» va Lionel Messi argentinalik futbolchining La Liga doirasida «Osasuna»ga qarshi o‘yindagi (4:0) harakati uchun jarimaga tortildi.
Messi uchrashuvda gol urganidan keyin «Barselona» libosini yechgan holda Diyego Maradona xotirasiga bag‘ishlangan «Nyuells Old Boyz»ning retro libosini namoyish qildi. Lionel Messi bolaligida ushbu klub tizimida harakat qilgan. Maradona esa 1993 yilda bu jamoada 5 ta o‘yin o‘tkazgan.
Ushbu harakati uchun futbolchi uchrashuv hakami tomonidan sariq kartochkaga loyiq ko‘rilgandi. «Barselona» esa ushbu ogohlantirishni bekor qilishga urinmoqda.
2 dekabr kuni Ispaniya futbol federasiyasining musobaqalar o‘tkazish qo‘mitasi mazkur vaziyat yuzasidan qaror chiqardi. Unga ko‘ra, Messi tartib intizom kodeksining 91-bandini buzgani uchun 600 yevro miqdorida jarimaga tortilgan. «Barselona»ga 350 yevro miqdorida jarima yozilgan.
Klub bu borada ham apellyasiya bermoqchi.