Qashqadaryoning Nishon tumanida yashovchi tiktoker Sardor Safarboyevga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda «Sevimli» telekanali «Zamon» informasion dasturida ma’lum qilindi.
Aniqlanishicha, u TikTok va You Tube platformalarida "Sardor gangster" taxallusi bilan chiqishlar qiladi. Chiqishlarining birida «Men qiz farzand ko‘rmayman, agar xotinim qiz tug‘sa axlatga tashlab yuboraman», deganidan so‘ng uning gaplari keng jamoatchilik e’tirozi va muhokamalariga sabab bo‘ldi.
Ma’lum qilinishicha, unga nisbatan Jinoyat kodeksining 140-moddasi (haqorat qilish) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Ushbu modda bilan aybdor deb topilgan shaxslar BHMning 200 baravaridan 400 baravarigacha miqdorda jarima yoki 240 soatdan 300 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 1 yildan 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
Ayni paytda tergov harakatlari olib borilmoqda.