Bugun 3 may, 2024 yil, juma

КИР

«Meni mana bu ikki oq-sariqdan kelgan odamdan qutqargin»

«Meni mana bu ikki oq-sariqdan kelgan odamdan qutqargin»

Hijriy 557 yil. Iroqning shamoliy qismidagi shaharlarda havo o‘zgarib, osmonda chaqmoq chaqa boshladi. Odil, taqvodor podsho Mahmud Nuriddin Zankiy har doimgidek tahajjud namozini o‘qib bo‘lgach, uxlashga yotdi. Ko‘p o‘tmay, tushida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning: Meni mana bu ikki oq-sariqdan kelgan odamdan qutqargin , deyayotganlarini ko‘rdi. Podshoh cho‘chib uyg‘onib, o‘rnidan turdi. Tahorat olib, namoz o‘qidi, so‘ng Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga salovot aytib, yana uyquga ketdi. Sal o‘tmay yana tush ko‘rdi. Tushiga yana Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kirdilar, Ey Mahmud! Meni mana bu ikkita malla odamdan qutqargin deb, oq-sariqdan kelgan ikki kishiga ishora qildilar. Mahmud Nuriddin yana cho‘chib uyg‘ondi. Tahorat olib, namoz o‘qidi va yana salovot aytib, ikkinchi marta uyquga yotdi. Ko‘zi ilinishi bilanoq yana Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni tush ko‘rdi. U Zot yana boyagi so‘zlarini qaytardilar. Podshoh uyg‘onib, o‘rnidan turdi. Endi uyqu yo‘q , dedi-da, ko‘rgan tushini dono va ziyrak vaziri Jamoliddin Musiliyga aytdi.

Vazir podshohga: Muhtaram sulton, bu tushingizni hech kimga aytmang. Hozirning o‘zida Madinaga qarab yo‘l oling , dedi. Mahmud Nuriddin Zankiy o‘sha zahoti o‘zi bilan bir qancha mol-mulk, yigirma kishilik askar va dono vazirini olib Madina tomon yo‘l oldi. O‘n olti kun deganda Madinai Munavvaraga yetib kelishdi. Sulton g‘usl qilib, Masjidi Nabaviyga kirdi va Ravzai mutohharada namoz o‘qidi. So‘ng Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning qabrlari oldiga keldi, U Zotga salom va salovot aytdi. So‘ng nima qilishini bilmay, turib qoldi. Dono vazir podshohga: Madina ahlining barchasiga Podshohning sovg‘asi bor , deb e’lon qiling. So‘ng sovg‘a olishga kelganlarga qarang. Tushingizda ko‘rgan odamni uchratsangiz, uni hibsga olib, so‘roq qilamiz , dedi. Darhaqiqat, e’londan so‘ng Madina ahli podshodan sovg‘a olish uchun birin-ketin kela boshlashdi. Podshoh sovg‘alarni har bir kishiga o‘z qo‘li bilan ulashdi. Hammaga sovg‘a tarqatib bo‘lindi, ammo sulton tushida ko‘rgan odamlarni uchratmadi.

So‘ng Madina ulug‘laridan: Madinadagi hamma sovg‘a olib bo‘ldimi? , deb so‘radi. Ular: Ha, sultonim! Hamma oldi. Faqatgina Mag‘ribdan kelgan ikki kishi sovg‘a olishga kelmadi. Ular juda taqvodor kishilar ekan, ko‘plab muhtojlarga hadya ulashishdi. Har kuni kechgacha Masjidi Nabaviyda ibodat qilishadi. Ertalab tongda Baqi’ qabristonini ziyorat qilishadi. Juda yaxshi insonlar ekan , deb javob berishdi. Podsho Ularni mening huzurimga olib kelinglar , dedi. Ularni olib kelishgan edi, podsho ularni darhol tanidi. Ular Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam tushda ko‘rsatgan o‘sha oq-sariqdan kelgan ikki kishi edi. Podsho ularning bu yerga kelish sababini so‘radi. Ular: Bu dunyoda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga qo‘shni bo‘lib, ravzalarida namoz o‘qib, buyuk sahobalarning qabrlarini ziyorat qilish uchun kelganmiz , deyishdi. Podshoh: Qayerda qo‘nim topdingizlar? deb so‘radi. Ular: Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning Hujrai saodatlariga yaqin bir mahallada , deyishdi. Podshoh ularning uyini ko‘rish uchun bordi. Qarasa, sadaqa va ehson qilish uchun olib kelingan boyliklar va ba’zi kitoblar bor ekan. Podshoh taajjubda qoldi. Tushida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shu ikkovidan meni qutqar degan edilar, bular esa solih, taqvodor zotlar bo‘lib chiqyapti-ku, deb hayron edi.

Oradan sal o‘tmay, sulton ularning uyini qaytadan tekshirdi. Bir bo‘yraning tagini ko‘tarib qarashsa, chuqur handaq bor ekan. Handaqqa tushib, ichini mash’ala bilan yoritishdi. Bu Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning Hujrai saodatlari tomonga qarab qazilgan lahm bo‘lib chiqdi. Mahmud Nuriddin Zankiy Madinaga yetib kelganda lahmning oxiri Hujrai saodatga ozgina qolgan ekan. Podshoh ularni qattiq so‘roq qildi. Ma’lum bo‘lishicha, ular asli nasroniylar ekan. So‘roq davomida ikkovi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning jussalarini o‘g‘rilash uchun kelganiga iqror bo‘ldi. Ular kechalari lahm kavlashar, erta tongda esa go‘yo Baqi’ qabristonini ziyorat qilgan kishidek ko‘rinib, aslida tunda to‘planib qolgan tuproqni qabristonga to‘kish uchun borishar ekan. Podshoh ularni qatl qildi, Hujrai saodatning atrofini esa chuqur qilib kavlatdi, atrofiga qo‘rg‘oshin eritib quyib, mustahkamlab qo‘ydi. Odil, taqvodor podshoh Sulton Mahmud Nuriddin Zankiy Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o‘zlarini himoya qilish uchun uni loyiq ko‘rganlariga, uni tanlaganlariga xursand bo‘lganidan ko‘z yoshlarini tiya olmas edi. (Ushbu ma’lumotlar imom Barzanjiyning Tarixul Madina , Ibn Najjorning Tarixul Bag‘dod , Muhiyuddin Tobariyning Riyozun nazira va Alloma Sayyid Nuriddin Ali Samhudiyning Xulosatul vafo asarlarida keltirilgan) Tarixga nazar tashlaydigan bo‘lsak, besh marta Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning muborak jasadlarini o‘g‘rilashga urinishgan. Lekin niyati buzuq o‘g‘rilarning birortasi maqsadiga erishmagan. Zero tirikliklarida himoya qilgan Alloh, vafot etganlaridan keyin ham O‘zi himoya qiladi: وَاللَّهُ يَعْصِمُكَ مِنَ النَّاسِ Alloh seni odamlardan saqlar . ( Moida surasi 67-oyat)

Abdulaziz MANSURXO‘JA o‘g‘li

Manba: azon.uz

Kiritildi: 18:33 15.01.2019. O'qildi: 8414 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!