Bismillahir Rohmanir Rohim. Jonajon xalqimizni mehr-oqibat va xursandchilik ayyomi bo‘lgan Qurbon hayiti bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashi va o‘z nomimdan chin qalbdan samimiy muborakbod etaman.
Alloh taolo bu qutlug‘ kunlarni butun islom olami, xususan, yurtimiz uchun barakotli qilsin. Bunday bayramlarni tinchlik-omonlikda, sihat-salomatlikda nishonlashni O‘zi nasib etsin.
Shunday damlarda Haq taologa shukronalar aytib, diyorimizga qut-baraka, xalqimizga farovonlik, farzandlarimizga barkamollik so‘raymiz.
Alloh taolo islom dini ila bandalarini siylab, mukarram etar ekan, ular uchun eng ulug‘ bo‘lgan kunlarni bayram qilib berdi. Mo‘’tabar manbalarda ushbu saodatli onlarda xursandchilik qilish haqida ko‘p tavsiyalar kelgan. Imom Abu Dovud rivoyat qilgan hadisi sharifda Hazrat Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Qurbonlik kunini bayram qilishga amr qilindim. Uni Alloh bu ummat uchun xos bayram qilib berdi”, dedilar.
Qurbon hayiti kunida xursandchilik qilishga Parvardigori olamning O‘zi amr qilmoqda. Bu ulug‘ kunni biz ummatlarga xos bayram qilib bergani uning ulkan ahamiyatidan darakdir.
Hijriy zulhijja oyining 10-kunida Qurbon hayiti nishonlanadi.
Imom Nisoburiy ta’biri bilan aytganda, Alloh taolo ushbu kunlarni nechog‘li sharafli va ulug‘ qilgan ekanki, unda ikki dunyo manfaati mujassam bo‘lgan.
Imom Termiziy bobomiz rivoyat qilgan hadisi sharifda esa: “Alloh uchun ibodat qilishga zulhijjaning o‘n kunidan sevimliroq kunlar yo‘q ekani, uning har kunlik ro‘zasi bir yillik ro‘zaga, har tundagi ibodat Laylatul qadrdagi ibodatga teng”, ekani alohida ta’kidlangan.
Allohga shukrki, oxirgi yillarda barcha sohalar qatori diniy jabhada ham misli ko‘rilmagan yangilanishlar amalga oshirildi. Ayniqsa, ilmiy-tadqiqot markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yilib, Fatvo markazi tashkil qilindi va masjid-madrasalar ochildi. Shuningdek, Qur’on kurslari ta’sis etildi, qadamjolar obod bo‘ldi, qolaversa, haj-umra qiluvchilar soni keskin oshdi. Bularning barcha-barchasi boshlangan islohotlarning yaqqol natijasidir.
Bugungi tahlikali dunyoda xalqimiz, ayniqsa, yoshlarga islom dini mohiyatini to‘g‘ri tushuntirish, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish har qachongidan dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Shu bois yurtimizda ijtimoiy-ma’naviy muhitni yaxshilash, diniy ta’lim sifatini yanada oshirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Alloh nasib etsa, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida ham magistratura va doktorantura yo‘nalishida kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi. Yurtimizda yetuk ulamolar ishtirokida har ikki yilda xalqaro ilmiy-amaliy anjumanlar o‘tkaziladi.
Dunyodagi nufuzli islom tashkilotlari a’zosi bo‘layotgan ulamolar safi ham kengayib bormoqda. Bu diniy-ma’rifiy islohotlarning xalqaro e’tirofi, xalqimizning islom dini rivojiga qo‘shayotgan hissasiga berilgan yuksak bahodir.
Quvonch bilan aytishimiz kerakki, ayni kunlarda yurtimiz tarixida ilk marta 15 ming nafar hojilarimiz Makkai mukarrama, Arafot va Mino kabi muqaddas joylarda jonajon xalqimiz haqqiga xayrli duolar qilmoqdalar. Mana shunday duolar sharofati bilan yurtimiz yanada ravnaq topaveradi. Men bunga qat’iy ishonaman.
Hayit bayramlari qadimdan o‘lkamizda xalqimizga xos mehr-muruvvat va saxovat ifodasi bo‘lib kelgan. Bu haqda Alloh taolo kalomida shunday bayon qiladi: “...kimki Allohning shiorlari (qurbonliklar)ni ulug‘ deb bilsa, bas, albatta, bu dillarning taqvosidandir” (Haj surasi, 32-oyat).
Shuningdek, bu muborak kunlar dinimizning ulug‘ shiorlaridan hisoblanadi. Ulug‘ allomalarimiz “Hayit kunlari shodlikni izhor qilish dinning shiorlaridan”, ekanini zikr qilganlar. Demak, Qurbon hayiti kunlarida quvonchimizni, saxovatimizni har qachongidan ko‘ra ko‘proq namoyon qilishimiz lozim.
Ushbu ayyom kunlari qilinadigan afzal amallar haqida gap ketganda, bu kunlarda eng ulug‘ ibodat, shubhasiz, Qurbonlik qilishdir. Imom Daylamiy rivoyat qilgan hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qurbonliklaringizni kattaroq qilinglar, chunki ular Sirot ko‘prigida sizlarga ulov bo‘ladi”, — deb marhamat qiladilar.
Qurbonlik ibodat bo‘lishi bilan birga, uning ijtimoiy ahamiyati ham beqiyos. Unda qilinadigan qurbonliklar jamiyatda kishilar o‘rtasida insoniy fazilatlarning rivoj topishiga xizmat qiluvchi vositadir. Chunki qurbonlik go‘shtidan va taomidan ehson qilish qalblarni yumshatib, mehr-muhabbat rishtalarini yanada mustahkamlaydi.
Tongda mo‘min-musulmonlarimiz diyorimizdagi jome masjidlarda hayit namozini ado etadilar. Hayit ayyomida ota-ona, ahli oila, yoru do‘stlar va bemorlarni ziyorat qilib, ko‘ngillarini ko‘taradilar. Farzandu arjumandlar va mehrga tashna kishilarga hadyalar berib, shodlik ulashadilar.
Allohning rahmati yog‘ilib turgan ushbu fazilatli kunlarda qalbimiz yumshab, ixlosimiz ortib turgan lahzalarda duo qilaylik. Ona-Vatanimiz tinch-osoyishta, xonadonlarimiz fayzu barakali va farzandlarimiz baxtu saodatli bo‘lsin!
Haq taolo keksalarimizga uzoq umr, yoshlarimizga ilmu ma’rifat va bemorlarimizga shifoi komil bersin!
Aziz yurtdoshlar, Qurbon hayitingiz muborak bo‘lsin!
Shayx Nuriddin domla XOLIQNAZAROV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy