O‘zbekiston respublikasi xalq ta’limi vazirligining 2020 yil 13 avgustdagi “Xalq ta’limi tizimida metodik xizmat ko‘rsatish ishlarini yanada rivojlantirish to‘g‘risida”gi 183-sonli buyrug‘iga muvofiq umumiy o‘rta ta’lim maktablarida sentyabr oyida boshlang‘ich ta’lim fan oyligini o‘tkazish belgilangan. Bundan maqsad boshlang‘ich sinfdan savodxonlik ko‘nikmalarini rivojlantirish, o‘quvchilar uchun sifatli ta’limning yangi metodlarini shakllantirish, iqtidorli o‘quvchilarni aniqlash va ularni ruhlantirish, qobiliyatlarini yuzaga chiqarish, ilg‘or va tashabbuskor o‘qituvchilar tajribasini amalda tadbiq qilishdan iboratdir. Shu jumladan Toshkent shahri Shayhontohur tumanidagi 169-umumta’lim maktabida ham boshlang‘ich ta’limda fan oyligi yakuniga bag‘ishlangan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Bayram tadbirida boshlang‘ich sinf o‘quvchilari ishtirokida musiqali, she’riy chiqishlar bilan birga Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan beshta tashabbus doirasida gimnastika va sport to‘garaklariga faol qatnashib kelayotgan 1-“A” va 1-“E” sinf o‘quvchilari tomonidan ajoyib chiqishlar namoyish qilindi. Fanlar rus tilida o‘qitiladigan sinf o‘quvchilarining she’r va qo‘shiqlarni ravon nutqda aytishlari ham ustozlarning mehnatlari samarasidir. Xususan, 1-“A” sinf o‘qituvchisi Muqaddas Barotova boshlang‘ich ta’limda o‘z yo‘nalishiga ega bo‘lgan o‘qituvchilardan biri. Qobiliyatli, ammo tortinchoq, uyatchan, o‘z fikrini aytishga jur’at qila olmaydigan o‘quvchilarini ham o‘z bilimlarini namoyon eta olishlariga ruhiy ko‘mak va dalda beribgina qolmay, ularni fan oyligi yakuni doirasidagi tadbirda maktabning tomoshabinlar bilan to‘la zaliga olib chiqib, o‘zlariga bo‘lgan ishonchini ham orttirdi. Har biri o‘zgacha bir fe’l-atvorga ega bolalarga ta’lim berish, ular bilan ishlash va qiziqtira olish, sahnaga olib chiqish, o‘ziga ishonch uyg‘otish yuksak mahorat va mashaqqatli mehnat talab qiladi.
O‘zbekistonimizning kelajagi bo‘lgan farzandlarimizga ta’lim va tarbiya berishdan charchamang, fidoyi ustozlar!