Bugun 16 iyul, 2025 yil, chorshanba

КИР

Maymunlar to‘la oroldagi vayrona qal’a

A A A
Maymunlar to‘la oroldagi vayrona qal’a
“Shri-Lankani to‘la ma’noda tushunish uchun albatta orol markazidagi Sigiriya qoyasiga borish kerak”, degan gapda jon bordek. Bu qoyada Sigiriya nomi ostida mashhur bo‘lgan qal’a bor. Tabiat go‘zalligini o‘zida namoyon qilgan mazkur qoya YUNESKO tomonidan insoniyatning jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan.
 
Sigiriya qal’asi dengiz sathidan 370 metr balandlikda barpo etilgan. Ayni damda qal’a vayronalari sayyohlarni o‘ziga jalb qiladi. Tarixchilarning fikricha, muhtasham qal’a eramizdan avvalgi V asrda qirol Datusenning katta o‘g‘li Kasapa tomonidan qurilgan. Kasapa o‘zi barpo qilgan qal’a atrofi mamlakatning yangi poytaxti bo‘lishini orzu qilgan edi. Chunki mustahkam devorlari bilan mashhur bo‘lgan bu qal’a tashqi hujumlardan muhofaza qilish imkoniyatlariga ega edi. Qirolning sa’y-harakatlari zoye ketmadi. Billur favvoralari, so‘lim bog‘lari bilan mashhur qal’a o‘zining buyukligi bilan odamlarni lol qoldirardi. Buni qal’aning hozirgacha saqlanib qolgan himoya tizimidan ham bilsak bo‘ladi.
 
Qal’aga “Sher qoyasi” deya nom berilgan. Bunga qoyaga eltuvchi yo‘llarning sher panjasiga o‘xshab ketishi sabab bo‘lsa, ajabmas.
 
Hozir bu yo‘llar saqlanib qolmagan. Ammo sherning panjasini eslatuvchi ko‘rinish mavjud. Muhtasham saroy ham nurab bo‘lgan. Ayni damda sayyohlar saroyning bir qisminigina ko‘rishlari mumkin, xolos.
 
Saroy qoldiqlarining o‘ziyoq bu yerda Osiyo dabdabasini namoyon qiladi. Qoya tepasiga chiqishingiz bilan qal’a devorlarini tomosha qilish imkoniyatiga ega bo‘lasiz. 
Sigiriya uzoq muddat o‘z sirlarini yashirib yotgan. XIX asrga kelibgina angliyalik olim Jonatan Forbs tomonidan kashf qilindi. Ungacha Sigiriya XVI-XVII asrlarda bir-ikki marta eslangan. Bugungi kunda qal’a nafaqat vaqt sinovlari, balki vayronkor urushlar tufayli ham vayronaga aylanib ulgurdi.
 
Qirol Kasapaning ukasi Mogallan o‘z qarindoshlari ustidan g‘alaba qozongach, poytaxtni avvalgi joyi – Anuradxapuru shahriga qaytardi. Kasapa esa mag‘lubiyatga uchragani bois, o‘z joniga qasd qildi.
 
Sigiriya qal’asi haqida turli taxminlar bor. Ayrimlar qal’ani avvaliga monastir bo‘lganini aytishadi. Bu g‘oya tarafdorlarining aytishicha, Sigiriya aslida qadimiy ibodatxonalar majmuyi bo‘lib, qirol Kasapadan avval ham bor edi. Tarixchilar ham qal’a barpo etilishidan avval mazkur qoyada ibodatxona mavjud bo‘lganini ta’kidlashadi. Qoyadagi g‘orda ayollarning surati ham mavjudligi, qadimda bu yerda ibodatxona bo‘lganligini isbotlashi aytiladi. Olimlarning fikricha, qoyada odamlar eramizdan avvalgi 5 ming yillikdan boshlab yashagan.
 
Sigiriya qoyasi o‘zining go‘zalligi bilan mashhur. Uning go‘zalligini qoyaning eng teppasiga chiqibgina tomosha qilish mumkin. Qoyadagi g‘orlar xam bir-biridan o‘z vazifasi va go‘zalligi bilan ajralib turadi. Murakkab Suv omborlari tizimi ham kishini hayratga soladi. Har gal yomg‘ir yoqqanida omborlar suv bilan to‘ladi va ariqlar orqali Sigiriya qal’asidagi bog‘lar bo‘ylab aylanadi. Favvora va hovuzlar orol markazida joylashgan.
 
Orolda maymunlar juda ko‘p. U yerga borish oson emas. Poytaxt Kolombodan yo‘lga chiqqan sayyoh Dambulla shahriga yetib olsa bo‘lgani, u yerda boshqa transportga o‘tirib, 4 soat davomida aylanma yo‘llar, tog‘ so‘qmoqlari, osma ko‘priklar orqali ko‘zlagan manziliga yetib oladi.
 
Yo‘llar ko‘rinishiga qarab “Fil”, “Sher”, “Kobra” yo‘llari deb ataladi. Qirol Kasapaning favvoralar bilan mashhur qasri hozir yo‘q bo‘lib ketgan. Ammo vayronalarning o‘zini ham bir marta ko‘rish orzusida bo‘lgan minglab sayyohlar har yili Sigiriya tomon yo‘lga chiqishadi.
Manba: uza. uz
Kiritildi: 17:41 24.07.2018. O'qildi: 1528 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!