“Maxam-Chirchiq” AJ faoliyati vaqtincha to‘xtatildi. Bu haqda Oliy sud axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, tabiatni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanishga oid qonun hamda normativ-huquqiy hujjatlar talablari ijrosini ta’minlanish yuzasidan “Maxam-Chirchiq” AJ faoliyatida tekshiruv o‘tkazilgan. Unda 11 ta holatda kamchilik aniqlangan.
Jumladan chang-gaz tozalash uskunasining samaradorligi me’yoriy hujjat talabiga javob bermasligi, ifloslantiruvchi moddalar belgilangan me’yordan ortiq chiqarilayotgani, kimyoviy moddalar belgilangan hududda joylashtirilmaganligi ma’lum bo‘lgan. Shuningdek, korxonada suv tarkibidagi kimyoviy moddalarning ortiqcha chiqarilayotgani, kompensasiya to‘lovlari o‘z vaqtida to‘liq amalga oshirilmagani oqibatida amaldagi qonunchilik talablariga rioya qilinmagan.
Shu sababli Ekologiya qo‘mitasi (oldingi Ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi) sudga ariza bilan murojaat qilib, AJ faoliyatini kamchiliklar bartaraf etilgunga qadar to‘xtatishni so‘ragan.
Chirchiq tumanlararo iqtisodiy sudining 2025 yil 26 noyabrdagi hal qiluv qarori bilan “Maxam-Chirchiq” AJ faoliyati vaqtincha to‘xtatilgan.