Tesla rahbari Ilon Maskning boyligi 2024 yil noyabr oyidan beri ilk bor 300 milliard dollardan pastga tushdi, deb xabar bermoqda Bloomberg.
Agentlikning ma’lum qilishicha, bu AQSh prezidenti Donald Tramp tomonidan 2 aprelda joriy etilgan import bojlari sababli kotirovkalarning keskin tushib ketishi bilan bog‘liq.
7 aprel, dushanba kuni Tesla aksiyalari qiymati tezlashgan sur’atda pasaygandan so‘ng Mask 4,4 milliard dollar yo‘qotdi. NASDAQ birjasidagi savdolarda avtomobil ishlab chiqaruvchi kompaniya aksiyalari 2,56 foizga arzonlashib, har bir aksiya narxi 223,29 dollargacha tushdi. Natijada milliarder dunyodagi eng boy odamlar orasida eng ko‘p yo‘qotishlar bo‘yicha yetakchilar ro‘yxatida oltinchi o‘rinni egalladi. Bloomberg (Bloomberg Billionaires Index) reytingidagi milliarderlarning umumiy boyligi 271 milliard dollarga kamaydi - bu tarixdagi eng yomon kunlar orasida uchinchi eng katta yo‘qotish hisoblanadi, deb yozadi Bloomberg. Shuningdek, 3 va 4 aprel kunlari milliarder yanada ko‘proq - jami 31 milliard dollar yo‘qotdi. Umuman olganda, 2025 yil boshidan beri tadbirkorning boyligi 134,7 milliard dollarga kamaygan.