Rossiyalik senator va milliarder Sulaymon Karimov Donald Trampning birinchi ma’muriyati tomonidan kiritilgan sanksiyalarga tushganidan keyin ham Ilon Maskning SpaceX kompaniyasidagi ulushini trast orqali saqlab qolgan.
Bu haqda Bloomberg o‘z manbalariga asoslanib xabar bermoqda.
Bloomberg manbalarining, jumladan AQShning ikki nafar sobiq yuqori lavozimli amaldorlarining aytishicha, Karimov SpaceX aksiyalariga 2017 yilda tashkil etilgan va Delaverde joylashgan Heritage Trust orqali egalik qilgan. Dastlab, ularning so‘zlariga ko‘ra, trast SpaceX'ning taxminan 1 foiziga egalik qilgan.
Sulaymon Karimov 2018 yil aprelida Oleg Deripaska, Viktor Vekselberg va boshqa milliarderlar qatori AQSh sanksiyalariga duchor bo‘lgan edi. Heritage Trust'ni boshqarish bilan shug‘ullangan Citigroup kompaniyasi bu borada AQSh Moliya vazirligiga murojaat qilgan va trast hamda u bilan bog‘liq tashkilotlarni bloklash zaruratini ko‘rmagan, deb yozmoqda Bloomberg.
2022 yil iyun oyining oxirida AQSh Moliya vazirligining Xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi o‘sha paytda taxminan bir milliard dollar qiymatiga ega bo‘lgan Heritage Trust aktivlarini bloklagan. Bloomberg'ning ikki manbasi ma’lumotlariga ko‘ra, SpaceX kompaniyasidagi ulush bu vaqtga kelib allaqachon sotib yuborilgan edi.
Citigroup vakili sharh berishdan bosh tortdi. SpaceX, Ilon Mask va Karimovning o‘zi agentlikning izoh so‘roviga javob qaytarishmadi.
58 yoshli Sulaymon Karimov Bloomberg milliarderlar indeksi ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyaning eng boy kishilari ro‘yxatida 17-o‘rinni egallaydi. Umumiy hisobda u 9,9 milliard dollarga yaqin sof kapitali bilan 282-o‘rinda turadi. U 2018 yildan beri AQSh sanksiyalari ostida, keyinchalik esa Yevropa Ittifoqi ham unga nisbatan sanksiyalar joriy etgan.