Buyuk Britaniyadagi o‘nlab masjidlar va musulmonlar uyushmalari Bosh vazir Kir Starmerga maktub yo‘llab, uni Falastin davlatini tan olishga va Isroil bilan harbiy hamkorlikni to‘xtatishga chaqirdi. Murojaat London va Tel-Aviv o‘rtasidagi savdo kelishuvi bo‘yicha muzokaralar to‘xtatilgan bir paytda yangramoqda.
Imzolovchilar orasida London markaziy masjidi, Manchester Islom akademiyasi va Buyuk Britaniya musulmon ulamolari uyushmasi bor. Ular Britaniya Tashqi ishlar vazirligining so‘nggi qadamlarini olqishladilar, ammo ular yetarli emasligini ta’kidladilar.
Maktubda Isroilni qo‘llab-quvvatlash va samarali diplomatik qadamlar qo‘yilmaganidan “chuqur xavotir” bildirilgan. Mualliflar zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishga, barcha garovga olinganlarni ozod qilishga va BMT rezolyusiyalariga muvofiq Falastinni tan olishga chaqirmoqda.
Diniy tashkilotlar, shuningdek, xalqaro gumanitar huquqni buzgan tomonlarga qurol yetkazib berish va harbiy yordamni zudlik bilan to‘xtatishni talab qilmoqda. “O‘nlab yillik adolasizlik va chetlanishga barham berish bizning umumiy ma’naviy burchimizdir”, deyiladi maktubda.
Bu chaqiriq, kelasi oy bo‘lib o‘tadigan xalqaro BMT konferensiyasida Britaniya va Fransiya tomonidan Falastinni tan olinishi mumkinligi haqidagi xabarlarga to‘g‘ri keldi. Avvalroq Tashqi ishlar vaziri Devid Lemmi Isroil hukumatining xatti-harakatlari “mamlakatni o‘z ittifoqchilaridan ajratib qo‘yayotgani” va “Britaniya xalqining qadriyatlariga” zid ekanini aytgan edi.