Markaziy Osiyoda nima uchun matematika musobaqalari ko‘paymoqda?
Mintaqada STEM fanlarini o‘rganish azaldan rag‘batlantirib kelingan. Ammo matematika bo‘yicha musobaqalarning so‘nggi paytlardagi keng tarqalishi yangi hodisadir.
Markaziy Osiyoda matematika musobaqalari avj olmoqda, minglab yoshlar Qozog‘iston, O‘zbekiston va Turkmaniston kabi mamlakatlardagi olimpiadalarda qatnashmoqda.
Mintaqa matematika sohasida boy tarixga ega. "Algebra fanining otasi" deb nom olgan IX asr allomasi al-Xorazmiy hozirgi O‘zbekistonning Xiva shahrida tug‘ilgan.
Sovet Ittifoqining mintaqa ustidan hukmronligi davrida ham bu fan muhim ahamiyat kasb etgan, chunki Sovuq urush davrida qurollanish va kosmik poyga paytida matematika strategik boylik sifatida qaralgan.
Markaziy Osiyo mamlakatlari azaldan STEM fanlariga, jumladan matematikaga alohida e’tibor qaratib kelgan bo‘lsa-da, hozirda xalqaro reytinglarda yuqori natijalarni ko‘rsata olmayapti.
Darhaqiqat, Qozog‘iston mintaqadagi Xalqaro matematika olimpiadasida (IMO) doimiy ravishda birinchi 30 ta davlat orasida o‘rin oladigan yagona mamlakatdir.
Bu holat Markaziy Osiyoda matematika musobaqalarining ko‘payishi bilan o‘zgarishi mumkin. Ular orasida Turkmanistonning universitet talabalari uchun ochiq matematika olimpiadasi va Qozog‘istonning xalqaro Jautikov olimpiadasi ham bor.
O‘tgan yili O‘zbekistondagi Xalqaro Nordic universiteti Toshkent xalqaro matematika olimpiadasini (TASIMO) ishga tushirdi.
Universitet rektori Sherzod Mustafaqulov bunday tanlovlar mintaqa iqtisodiyoti rivojlanishi uchun foydali bo‘lishiga ishonadi.
"Olimpiadalar, ayniqsa matematika olimpiadalari, avvalo inson kapitalining sifatini oshirish orqali ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishni rag‘batlantiradi," - dedi Mustafaqulov.
U yana qo‘shimcha qildi: "Ular innovasiyalar yaratishga va murakkab muammolarni hal qilishga qodir iqtidorli yoshlarni aniqlaydi hamda tarbiyalaydi. Bu esa fan, texnologiya va iqtisodiyot taraqqiyoti uchun g‘oyat muhimdir."