Markaziy Osiyo mamlakatlari oliy ta’lim hujjatlarini o‘zaro tan olish to‘g‘risida kelishuvga erishdilar. Bu Qozog‘iston hukumati tomonidan tegishli Bitim loyihasi ma’qullanganidan so‘ng ma’lum bo‘ldi.
Hujjatga ko‘ra, «tomonlar milliy qonunchilikda belgilangan tartibda akkreditasiyadan o‘tgan oliy ta’lim muassasalari tomonidan berilgan oliy ta’lim muassasalarini tugatganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni (diplomlarni) tan oladilar».
Diplomlarni tan olish hujjatlarda ko‘rsatilgan malakalar oliy ta’lim tizimining umumiy talablariga javob bergan taqdirda mumkin bo‘ladi. Tan olish faqat oliy ta’lim tizimi talablarida jiddiy nomuvofiqliklar aniqlangan taqdirdagina rad etilishi mumkin.
Ushbu Bitimni amalga oshirish maqsadida har bir tomon o‘z davlatining vakolatli organlarini belgilaydi va bu haqda depozitariyga xabar beradi, ular esa o‘z navbatida barcha Tomonlarni xabardor qiladi.
Shuningdek, tomonlar oliy ta’lim muassasalari tomonidan berilgan diplomlarni ularda ko‘rsatilgan o‘qitish, mutaxassislik va malaka sohalariga muvofiq professional faoliyat bilan shug‘ullanish, stajirovka o‘tash va ta’limni davom ettirish huquqini beruvchi hujjatlar sifatida tan oladilar.