Markaziy bank tomonidan tijorat banklarining kredit shartnomalarida to‘lovlar kechiktirilganda qo‘llanilayotgan jarima va sanksiyalar atroflicha tahlil qilindi. O‘rganishlar ayrim banklar amaliyotida adolat va mutanosiblik tamoyillari buzilayotganini ko‘rsatdi.
Tahlillar natijasida ayrim tijorat banklarida kechiktirilgan to‘lovlar uchun hisoblanadigan foiz stavkalari shartnomada belgilangan yillik stavkadan bir necha barobarga oshirilayotgani aniqlandi. Ayrim holatlarda bu ko‘rsatkichlar yillik 150–180 foizgacha yetgani qayd etildi.
Shuningdek, kredit bo‘yicha foizlarni to‘lash kechiktirilgan taqdirda eng yuqori chegarasi belgilanmagan kunlik penya hisoblanayotgani, kreditorning real xarajatlari bilan bog‘liq bo‘lmagan qo‘shimcha bir martalik jarimalar qo‘llanilayotgani ham ma’lum bo‘ldi.
Mazkur holatlar yuzasidan Markaziy bank banklarga muhim tavsiyalar berdi.
Xususan, kechiktirilgan majburiyatlar uchun qo‘llaniladigan sanksiyalar kompensasion xarakterga ega bo‘lishi lozimligi ta’kidlandi. Bundan tashqari, qarz oluvchilar uchun to‘lovni kechiktirish oqibatida yuzaga keladigan moliyaviy majburiyatlar aniq, shaffof va oldindan tushunarli tarzda belgilanishi zarurligi qayd etildi.
Markaziy bank kredit shartnomalarida javobgarlik choralarini belgilashda adolat va mutanosiblik tamoyillariga qat’iy rioya etish zarurligini ta’kidladi.