Bugun 13 iyun, 2025 yil, juma

КИР

Mariya Zaxarova O‘zbekiston Rossiyaga yuborgan norozilik notasiga munosabat bildirdi

Mariya Zaxarova O‘zbekiston Rossiyaga yuborgan norozilik notasiga munosabat bildirdi

Rossiya tashqi ishlar vazirligining rasmiy vakili Mariya Zaxarova ta’kidlashicha, O‘zbekiston fuqarolariga nisbatan qo‘pol muomala haqida O‘zbekiston elchixonasi tomonidan yo‘llangan nota Rossiya tomonidan diqqat bilan ko‘rib chiqilmoqda. U shuningdek, barcha masalalarga ittifoqchilik munosabatlari nuqtai nazaridan yondashilishini alohida qayd etdi.

Zaxarova RBK nashriga bergan bayonotida shunday dedi:

«Bizda huquqni muhofaza qiluvchi organlar va boshqa idoralar orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa kanallari mavjud. Ittifoqchilar o‘rtasida odatga ko‘ra, muloqot ochiq va har qanday signal sinchkovlik bilan ko‘rib chiqiladi. O‘zbekiston tomonining murojaati tegishli instansiyalarga yetkaziladi. Olingan ob’ektiv ma’lumotlar belgilangan tartibda hamkorlarga taqdim etiladi».

U shuningdek, Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasida «mustahkam ittifoqchilik munosabatlari va har tomonlama strategik sheriklik» mavjudligini, shu bois barcha ikki tomonlama masalalarga aynan shu nuqtai nazardan yondashilishini ta’kidladi.

Avvalroq O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi ikki davlat diplomatlari uchrashuvida Toshkentda Rossiyada O‘zbekiston fuqarolariga nisbatan «ruxsatsiz tekshiruvlar, hurmatsizlik va qo‘pol muomalalar» haqida tarqalayotgan xabarlar yuzasidan xavotir bildirilganini ma’lum qilgan edi.

O‘zbekiston tomoni barcha fuqarolarga nisbatan xalqaro huquq va inson huquqlariga rioya qilinishi ta’minlanishini so‘rab, Rossiya Federasiyasining tegishli organlariga murojaat qilib, «O‘zbekiston fuqarolariga hurmat bilan munosabatda bo‘lish, ularning sha’ni va qadr-qimmatini kamsitmaslik»ni talab qilgan. Shu munosabat bilan O‘zbekiston elchixonasi Rossiya TIVga vaziyat yuzasidan izoh berishni so‘rab nota yo‘llagan.

Kiritildi: 15:45 11.06.2025. O'qildi: 4138 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!