Bugun 22 dekabr, 2024 yil, yakshanba

КИР

Mansabdorlarning mas’uliyatiga oid muhim loyiha jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi

Mansabdorlarning mas’uliyatiga oid muhim loyiha jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi

O‘zbekiston Respublikasining “Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida”gi yangi Qonun loyihasi ishlab chiqildi.

Bu haqda "hudud24.uz" xabar berdi

Qonun ma’muriy tartib-taomillarni amalga oshirish sohasidagi munosabatlarni tartibga soladi hamda ma’muriy organlar bilan munosabatlarda qonun ustuvorligini, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlashga xizmat qiladi.

Qonun loyihasi 6 ta bob va 111 ta moddadan iborat bo‘lib, quyidagi asosiy yangiliklarni o‘z ichiga olmoqda. Xususan:

  • “Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida”gi Qonunni qo‘llash doirasi ma’muriy tartib-taomillarni amalga oshirish nuqtai nazaridan eng muammoli sohalarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘rsatish orqali to‘ldirildi;
  • ma’muriy organ, ma’muriy hujjat, ma’muriy ixtiyoriylik tushunchalariga aniqroq ta’riflar berildi. Huquqni qo‘llash amaliyotida shakllangan to‘siqlarni bartaraf etish bo‘yicha “Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida”gi Qonunning islohotchi – huquq yaratuvchiligini rolini kuchaytiruvchi yangi prinsiplar taklif qilindi;
  • qonuniylik tamoyili qonunda ma’muriy-huquqiy faoliyatning asosliligini va qonunlarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri amalga oshirilishini ta’minlovchi muhim elementlar bilan mazmunan boyitildi. Mutanosiblik tamoyili dunyoda umume’tirof etilgan german huquqi standartlariga muvofiq ifoda etildi;
  • ma’muriy tartib-taomillarning asosiy institutlari, xususan tegishli tarzda xabardor qilish, manfaatdor shaxslarni tinglash, ma’muriy hujjat, ma’muriy shikoyat qilish va mamuriy hujjatni ijro qilish kabilar takomillashtirildi;
  • Qonun loyihasi ommaviy xarakterdagi ma’muriy ishlarda zarur bo‘lgan “birgalikdagi vakillik” instituti, ma’muriy ishda shaffoflik va qarorlarni aniqligini ta’minlovchi “prosessual hujjatlar” instituti, manfaatdor shaxslarga ma’muriy ishda o‘zlarining huquqlarini himoya qilish bo‘yicha o‘z vaqtida chora ko‘rish imkonini beruvchi “dastlabki ma’muriy hujjat” instituti, ma’muriy-huquqiy faoliyatda shaffoflik va hisobdorlikni ta’minlovchi “ma’muriy ishlar reestri” institutlari bilan to‘ldirildi;
  • ma’muriy ishda ishtirokchilar va ishni hal etishga ko‘malashuvchi shaxslarni jalb qilish, rahbarlarning rad qilinishi, dalillarni baholash, ma’muriy ishdagi xarajatlarni yuklash, ma’muriy ishni to‘xtatib turish va tugatish bo‘yicha prosessual qoidalar aniqlashtirildi va to‘ldirildi.
  • xorijiy ekspertlarning tavsiyasiga ko‘ra ma’muriy shikoyat bo‘yicha ish yuritishda majburiy tarzda sudgacha shikoyat qilish tartibini kiritish taklif qilindi.

Shuningdek, ijro ishini yuritish tartib-taomillari “Pullik talablarni majburiy ijro ettirish” qoidalari bilan to‘ldirildi.

Loyiha fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining davlat organlari bilan munosabatga kirishishda aniq tartib-taomillarni belgilashga, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini davlat organlari xodimlarining huquqqa xilof harakatlaridan himoya qilishga, ma’muriy tartib-taomillarning yagona va  shaffof mexanizmi yaratilishiga, ushbu jarayonlarda korrupsiyaviy holatlarning yuzaga kelishini oldini olishga olib keladi.

Shuningdek, Qonunda nazarda tutilayotgan yangi normalar ma’muriy tartib-taomillarni amalga oshirishda huquqiy barqarorlikni ta’minlashga, fuqarolar va tadbirkorlarning davlat organlari tomonidan qabul qilinadigan ma’muriy hujjatlarga hurmat va ishonchini kuchaytirishga hamda mamlakatimizning investisiya muhitini yaxshilashga xizmat qiladi.

Jamoatchilik muhokamasi natijasida kelib tushgan takliflar asosida Qonun loyihasi yanada takomillashtiriladi.

Kiritildi: 23:00 15.02.2021. O'qildi: 2224 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!