"Manchester Siti" fransiyalik hujumchi Usmon Dembelening ehtimoliy transferi borasida "PSJ" bilan muzokaralarni boshladi, deb xabar bermoqda Twelve Points nashri.
Manba bergan ma’lumotlarga ko‘ra, muzokaralar tashabbusi ingliz klubi bosh murabbiyi Pep Gvardiola tomonidan ma’qullangan. Xabar qilinishicha, "Manchester Siti" fransiyalik futbolchining agenti bilan allaqachon uchrashuv o‘tkazgan va uning yozgi transfer oynasida jamoaga o‘tish variantini ko‘rib chiqmoqda.
Usmon Dembelening "PSJ" bilan shartnomasi 2028 yilning iyunigacha amal qiladi, shu sababli ehtimoliy transfer uchun klublar o‘rtasida jiddiy muzokaralar talab etiladi. Qayd etilishicha, ingliz klubi kelishuvga belgiyalik vinger Jeremi Dokuni ham qo‘shishi mumkin.
Manbaga ko‘ra, "Manchester Siti" Doku transfer paketining bir qismiga aylanishi mumkin bo‘lgan almashinuv variantini ko‘rib chiqishga tayyor. Belgiyalik futbolchiga Diyego Simeone boshchiligidagi Madridning "Atletiko" klubi ham qiziqish bildirmoqda.
Xabar qilinishicha, agar Dokuning "Manchester Siti"dagi o‘yin vaqti cheklangan bo‘lib qolsa, uning o‘zi ham klubni almashtirish variantini istisno qilmaydi.
Joriy mavsumda Jeremi Doku barcha musobaqalarda 33 ta o‘yinda maydonga tushib, 3 ta gol urdi va 12 ta golli uzatmani amalga oshirdi. Usman Dembele esa 27 ta uchrashuvda qatnashib, 12 ta gol va 7 ta golli uzatmani o‘z hisobiga yozib qo‘ydi.