2017 yilda sud tizimida o‘ziga xos katta o‘zgarish bo‘lgan edi. Biz uchun yangilik bo‘lgan ma’muriy sudlar tashkil etilib, 2017 yil 1 iyun kunidan o‘z faoliyatini boshlagandi. Ma’muriy sudlarga ma’muriy huquqbuzarlikka oid ishlar va ommaviy huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolarni ko‘rib chiqish vazifasi yuklangan. O‘tgan 3 yildan ortiq muddat davomida ma’muriy sudlar nima ishlar qilganini eng avvalo ushbu sud bilan bog‘liq ommaviy axborot vositalari orqali berilgan xabarlar salmog‘ining kattaligi va natijadorligi hamda ko‘plab rezonansga sabab bo‘lgan ishlarning qonuniy hal qilingani bilan bog‘lash mumkin. Shu o‘rinda barchani hozirgacha qiziqtirib kelayotgan avtomashinalarda boshqarishda pardadan foydalanish mumkinligini qonuniyligini asoslab berilishi hamda tadbirkorlik sub’ektlari, xususan, fermer xo‘jaliklarini yerlarini noqonuniy olib qo‘yilishidagi qat’iy qonuniy pozisiyani ko‘rsatganida ko‘rish mumkin. Xo‘sh, davlat rahbarining 2020 yil 24 iyuldagi “Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi №PF-6034-sonli Farmoni bilan nima o‘zgarmoqda? Buni sodda qilib, barcha uchun tushunarli jumlalar bilan tushuntirishga harakat qilamiz.
Eng avvalo, 2020 yil 1 yanvardan ma’muriy huquqbuzarlikka oid ishlarni ko‘rish ma’muriy sudlardan jinoyat sudlariga o‘tkazilishi belgilanmoqda. Ma’muriy huquqbuzarlik deganda, sodda qilib tushuntirganda xalq orasida keng tarqalgan transport vositasini mast holda boshqarish, mayda bezorilik, lisenziyasiz transportda aholiga pullik xizmat ko‘rsatish, haqorat qilish, tuhmat va boshqa shu kabi ma’muriy qilmishlar tushuniladi. Hozirda ushbu qilmishlar uchun yuritilgan ma’muriy ishlarni ma’muriy sudlar ko‘rib kelmoqdalar. Ma’muriy huquqbuzarlik uchun qonunda jazo tayinlash nazarda tutiladi. Mana shu jazo tayinlash funksiyasi tabiatiga ko‘ra jazo tayinlash masalasini hal qilish vakolati berilgan jinoyat sudlari uchun yaqinroqdir. Shu sababli, ushbu vakolat jinoyat sudlariga o‘tkazilmoqda. Ma’muriy sudlar esa ommaviy huquqiy munosabatlardan kelib chiqqan nizolar, ya’ni mansabdor shasxning qarorlari, haraktlari yoki harakatsizligidan norozi bo‘lgan jismoniy va yuridik shaxslarning ma’muriy sudlarga shikoyat tartibida murojaat qilishib, huquqlari tiklanishi masalasini ko‘tarishlari mumkin bo‘ladi. Masalan, shaxs tuman hokimining qandaydur qarori qabul qilinishi bilan o‘zining qonuniy huquq va manfaatlarini buzilgan deb hisoblasa, bu borada hokim qarorini haqiqiy emas deb topish yuzasidan ma’muriy sudga murojaat qilishi mumkin bo‘ladi. Ma’muriy sudlar o‘ziga xos “elita” sudlar sifatida faoliyatini davom ettiradi.
Shuningdek, ma’muriy sudlarning barchasi tugatilishi Farmonda nazarda tutilmagan bo‘lib, balki birinchi instansiya sudi hisoblangan tuman, shahar ma’muriy sudlari tugatilib, ularni o‘rnida Toshkent shahar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlar markazlarida ixtisoslashtirilgan tumanlararo sudlari tashkil etiladi. Endi barcha murojaatchilar hududlarda tashkil etilgan yagona tumanlararo sudlariga murojaat qilishlari mumkin bo‘ladi. Haqli savol tug‘iladi, viloyat markazlaridan yiroqda joylashgan tumanlar yashovchilar albatta viloyat markaziga kelib ariza topshirishi va bir necha marotaba o‘tkaziladigan sud majlislarida ishtirok etishi muroljaatchilarni sarson qiladiku? Yo‘q, hozirda deryali barcha hududlardagi sudlar eng zamonaviy videokonferens aloqa tizimiga ulangan bo‘lib, murojaatchi o‘z hududidagi sud binosida turib viloyat markazidagi ma’muriy sud majlisida virtual tarzda ishtirok etish imkoni bor. Albatta barcha o‘zgarishlarda eng avvalo fuqarolarni manfaatlari birinchi navbatda inobatga olingan.
Ma’muriy sudlarning optimallashtirilishi va faqat ommaviy nizolarni ko‘rishini belgilab berilishi bu eng avvalo ma’muriy sudlarni jamiyatdagi o‘rnini ko‘tarish, sud qarorlarini ijrosini moneliksiz bajarilishini ta’minlash va qonuniylikni ta’minlashdagi o‘ziga xos katta qadam bo‘ladi.
A.Akramov, Toshloq tuman ma’muriy sudining raisi