Barcha mamlakatlarda kichik va o‘rta biznes sub’ektlari innovasiyalarning va yangi ish o‘rinlarini yaratishning asosiy vositasidir. Ular iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirishga va boshqa tarmoqlarni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratishga yordam beradi. Shu munosabat bilan kichik va o‘rta biznesni qo‘llab quvvatlash davlatlarning asosiy vazifalaridan biriga aylangan.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda jamiyatimizning barcha sohalari kabi mazkur yo‘nalishda ham bir qator inqilobiy o‘zgrishlar olib borilmoqda. Misol tariqasida tadirkorlar muammolarini va ularni qiynab turgan to‘siqlarni bartaraf qilishga qaratilgan – eng oliy darajadagi – Prezidentning tadbirkorlar bilan uchrashuvini keltirishni o‘zi kifoya.
Kichik va o‘rta biznesni qo‘llab quvvatlashga qaratilgan yana bir yangilik bu O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholini kichik va o‘rta biznesga keng jalb qilishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qaroridir.
Mazkur Qarorda bir qator muhim jihatlar ko‘zda tutilgan bo‘lib uning asosiy vazifalaridan biri bu 2024 yilda 2 mln aholini tadbirkorlikka jalb qilish bo‘yicha quyidagi tizimni joriy etishdir:
a) aholi va tadbirkorlarni o‘qitish, loyihalarni amalga oshirishga ko‘maklashish va shu orqali “oilaviy tadbirkor – mikro biznes – kichik biznes – o‘rta biznes” zanjiri yo‘lga qo‘yiladi;
b) “Biznesni rivojlantirish banki” ATB, “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” AJ va boshqa hamkor tijorat banklaridan iborat yaxlit moliyaviy tizim asosida kichik va o‘rta biznes loyihalari moliyaviy qo‘llab-quvvatlanadi. Xususan:
- oilaviy tadbirkorlik dasturiga – 10 trln so‘m (Xalq banki va Mikrokreditbank);
- mikromoliyaviy xizmatlar ommabopligini oshirish dasturiga – 3 trln so‘m va 100 mln dollar (Mikrokreditbank va Xalq banki);
- “Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash” dasturiga – 6 trln so‘m va 800 mln dollar (Biznesni rivojlantirish banki);
-“O‘rta biznesni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash dasturi”ga – 1,5 trln so‘m va 100 mln dollar (Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi) ajratiladi.
v) kichik biznesga ko‘maklashish markazlari va Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasida hamda tadbirkorlik bo‘yicha elektron platformalarda tadbirkorlikka o‘qitish, loyihalarni moliyalashtirish va barcha bosqichlarda hamrohlik qilish yo‘lga qo‘yiladi.
Ushbu maqsadlarda Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan kichik biznes loyihalarini moliyalashtirish uchun Biznesni rivojlantirish bankiga jami 300 mln dollar, shu jumladan 75 mln dollar bankning ustav kapitalini oshirishga va 225 mln dollar 15 yil muddatga 5 foiz stavkada subordinar qarz sifatida mablag‘lar ajratilmoqda.
Shu bilan birgalikda yaqinda transformasiyaga uchragan quyidagi tashkilotlarda 2024–2026 yillar uchun keyingi maqsadli ko‘rsatkichlar (KPI) belgilanmoqda:
a) Biznesni rivojlantirish banki – 150 ming kichik tadbirkorlar faoliyatini yo‘lga qo‘yish va kengaytirishga mas’ul bo‘ladi va buning uchun xalqaro moliya tashkilotlaridan 1,2 mlrd dollar jalb qilinadi va 300 mln dollar yevrobond chiqariladi;
b) Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi – o‘rta biznesni 2,5 baravarga (10 mingdan 25 mingga) oshirishga mas’ul bo‘ladi va buning uchun moliyaviy xizmatlar 8 trln so‘mdan 14 trln so‘mga yetkaziladi, 300 mln dollar yevrobond chiqariladi hamda 450 ta korxonaga ulush kiritiladi va xizmatlar ipotekasi beriladi.
Kichik va o‘rta biznes vakillari har bir davlatning iqtisodiy rivojlanishida muhim rol o‘ynaydi va yalpi ichki mahsulotning o‘sishiga, ishsizlik darajasini kamaytirishga va aholi farovonligini oshirishga yordam beradi.
Ushbu maqsadlarda shakllantirilayetgan yangi tizim orqali “oilaviy tadbirkor – mikro biznes – kichik biznes – o‘rta biznes” zanjiri yo‘lga qo‘yilib ularni qo‘llab-quvvatlashda yaxlit moliyaviy tizim shakllantiriladi. Shu bilan birgalikda ushbu toifadagi tadbirkorlarni biznes ko‘nikmalarini oshirish maqsadida o‘rta va qisqa muddatli amaliy o‘quv kurslari tashkillashtiriladi.