Malayziyaning diniy ishlar bo‘yicha vaziri Zulkifli Hasan LGBT mavzusida bahsli bayonot berdi. Uning ta’kidlashicha, odamlarni “LGBT turmush tarzi”ga olib keluvchi omillar orasida ishdagi kuchli stress, ijtimoiy bosim, avvalgi jinsiy tajribalar hamda diniy amaliyotning yetarli darajada emasligi bor.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, zamonaviy hayot sur’ati, ortiqcha ish yuki va ruhiy bosim insonning xulq-atvoriga salbiy ta’sir ko‘rsatib, “noto‘g‘ri yo‘lga kirib qolishi”ga sabab bo‘lishi mumkin. Shu bois u jamiyatda diniy tarbiyani kuchaytirish, ma’naviy qadriyatlarga e’tiborni oshirish lozimligini ta’kidlagan.
Ushbu bayonot ijtimoiy tarmoqlarda va OAVda keskin reaksiyaga sabab bo‘ldi. Faollar va huquq himoyachilari vazirning fikrlarini ilmiy asosga ega emas, deb baholab, bunday qarashlar kamsitish va stereotiplarni kuchaytirishini ta’kidlashmoqda. Ayrim ekspertlar esa stress va ortiqcha ish inson salomatligiga ta’sir qilishi mumkinligini tan olgan holda, jinsiy oriyentasiyani bunday omillar bilan bog‘lash noto‘g‘ri ekanini qayd etmoqda.
Malayziyada LGBT masalasi jamiyatda an’anaviy va diniy qarashlar sabab bahsli mavzulardan biri bo‘lib qolmoqda.