Bugun 6 aprel, 2026 yil, dushanba

КИР

Maktabda dars soatlari sotiladimi?

A A A
Maktabda dars soatlari sotiladimi?

Odamlar pul bersa, adolat, halollik haqida gapirib qoladi. lekin ish izlayotgan paytda qo‘shimcha «daromadi» bormi, deb so‘rashdan uyalmaydi…

Insonning ilk qahramoni o‘qituvchisi bo‘ladi. Chunki o‘quvchi ustozlar siymosida barcha jumboqlarning kalitini biladigan bilimdon va hulqi bilan hammaga o‘rnak bo‘ladigan komil insonni ko‘radi. Lekin u bunga munosib bo‘lmasa, o‘qituvchi degan sharafni oqlay olmasa-chi?! Afsuski, ta’lim tizimida ana shunday o‘qituvchilar ham yo‘q emas.

O‘quvchilar bilmasin!

Ma’lumotlarga ko‘ra, Navoiy shahridagi 6-umumta’lim maktabi direktori o‘qituvchiga 4 soat dars qo‘shib berish va uni asosiy o‘qituvchi sifatida ishga qabul qilish evaziga 1 million so‘m pora talab qiladi. Kelishilgan pulning 600 ming so‘mini xizmat xonasida olayotgan vaqtda esa ashyoviy dalil bilan ushlanadi. Afsuski, bu yagona holat emas. Jumladan, joriy yilning 27 iyun kuni huquq-tartibot idoralari tomonidan Qo‘qon shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida shahardagi 8-umumta’lim maktabi direktori fuqaroni 0,5 stavkada kutubxonachi va 0,2 stavkada laborant vazifasiga ishga olish evaziga undan 200 AQSh dollari talab qilgan.

Endi o‘ylab ko‘ring, ana shunday kimsalar direktorlik qilayotgan maktablarda ta’lim-tarbiya qay ahvolda bo‘ladi? Bunday holatlar o‘quvchilar tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatmaydimi?

— O‘quvchilar o‘rnak oladigan insonlarning bunday qilmishi bola psixologiyasida qarama-qarshi fikrlarni keltirib chiqaradi, — deydi yurist Xurshid Ravshanov. — O‘quvchi kimga ishonish yoki ishonmaslikni aniqlay olmay qoladi. Qolaversa, xalqimiz orasida bunday holatlarning oldini olish borasida tushuntirish ishlarini olib borishimiz, Jinoyat kodeksining 210-moddasida davlat organi, davlat ishtirokidagi tashkilot yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi mansabdor shaxsining o‘z xizmat mavqeidan foydalangan holda, pora olishi eng kam oylik ish haqining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki muayyan huquqdan mahrum etilgan holda, ikki yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishini ham eslatib o‘tish darkor.

Eplab yesa, haloli bo‘lsin-mi?!

Maqolani yozishdan avval tanish-bilishlardan fikr so‘radik. Ular safida maktabda o‘qituvchi bo‘lib ishlaydiganlar ham, bozorda savdo qiladiganlar ham bor edi. Ulardan ta’magir maktab direktori haqida eshitganmi-yo‘qmi so‘radik.

Tanishlarimdan biri turmush o‘rtog‘i o‘qituvchi bo‘lib ishlaydigan maktab direktori shunday qilmishi sabab qonun oldida jazolangani va adolat qaror topganini aytdi. Ammo yana bir do‘stimning so‘zi meni o‘yga toldirdi: «Nimadir evaziga pul olsa, nima bo‘libdi? Uning ham bola-chaqasi bor. Eplab yesa, haloli bo‘lsin! Odamlar pul bersa, adolat, halollik haqida gapirib qoladi. Lekin ish izlayotgan paytda qo‘shimcha «daromadi» bormi, deb so‘rashdan uyalmaydi-ku!» dedi.

Afsuski, do‘stim qaysidir ma’noda haq edi. Chunki biz doim ham haqqimizni talab qilib, halol yo‘l bilan ish bitirishni istamaymiz. Natijaga erishish uchun «yaqinroq» yo‘lni tanlaymiz. Ish axtarsak, qo‘shimcha daromadini so‘raymiz. Afsuski, o‘qituvchi degan ulkan sharafni ham arzimas chaqaga sotib yuboramiz. Ammo hech bir sabab ta’magirlik qilishga arzimasligini, bila’ks, jinoyatga jazo muqarrarligini doim ham o‘ylab ko‘rmaymiz.

Boboravshan G‘OZIDDINOV tayyorladi

Kiritildi: 07:45 10.08.2019. O'qildi: 3237 marta. Fikrlar soni: 1 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!