Bu haqda "RIA Novosti" xabar berdi.
Agentlikga ko‘ra, Rossiyaning Buyuk Britaniyadagi elchisi Andrey Kelin, agar britan harbiylari mamlakat hududiy suvlari, jumladan, La-Mansh bo‘g‘ozi orqali o‘tayotgan Rossiyaning "soya flotidagi" tankerlarini to‘xtatishsa, Moskva tegishli javob choralarini ko‘rishini ma’lum qildi.
"Bunday qaror javobsiz qolmaydi. Tegishli choralar ishlab chiqilmoqda. Bu britanlar uchun kutilmagan sovg‘a bo‘lsin", — dedi Kelin "RIA Novosti" agentligiga bergan intervyusida.
25 mart kuni Britaniya hukumati harbiy-dengiz kuchlariga sanksiyalarni chetlab o‘tib Rossiya neftini tashiyotgan kemalarni mamlakat hududiy suvlarida to‘xtatish vakolatini bergan edi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad — kema egalarini Britaniya orollarini shimoliy yo‘nalish orqali aylanib o‘tishga majbur qilish va shu orqali ularning xarajatlarini oshirishdir.
Shuningdek, Kelin "qo‘lga olingan" kemalar va yuklarning egalari sudga murojaat qilishini va bu Britaniya hukumati uchun qo‘shimcha moliyaviy yo‘qotishlarga olib kelishini ta’kidladi.