Xalq ta’limi O‘zbekistonda ijtimoiy siyosatning ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. Aynan maktab ta’limining sifati va qulayligi davlatning rivojlanish istiqbollarini aks ettirib, yuqori malakali kadrlar tayyorlash uchun zamin yaratadi. Ta’lim uchun mablag‘larni tejash mumkin emas, degan fikrga qo‘shilmasdan boshqa ilojimiz yo‘q. O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasida maktab ishlari davlat nazoratida ekanligi bejizga ta’kidlangan emas. Abdulla Avloniy aytganidek «Tarbiya biz uchun yo hayot – yo mamot, yo najot – yo halokat,yo saodat – yo falokat masalasidir».
Xalq ta’limining bugungi holati
Bugungi kunda O‘zbekistonda 10130 ta umumta’lim maktablari mavjud bo‘lib, ularning 2730 tasi shaharlarda, 7408 tasi esa qishloqlarda faoliyat ko‘rsatmoqda. Bugungi kunda maktablarda 6246491 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda.
Xalq ta’limi tizimida bag‘rikenglik va insonparvarlik tamoyillari inobatga olingan. Ma’lumki O‘zbekiston ko‘p millatli mamlakat sanaladi. Shuning uchun maktablarda ta’lim yettita tilda olib boriladi. Xususan, o‘zbek tilida ta’lim beradigan maktablar bilan bir qatorda (8227 ta maktab) 245 ta qoraqalpoq tilida, 143 ta qozoq tilida 92 ta tojik tilida, 88 ta rus tilida, 23 ta turkman tilida, shuningdek, 21 ta qirg‘iz tilida ta’lim beradigan maktablar mavjud.
Maktablarda jami 502867 nafar o‘qituvchi faoliyat ko‘rsatib, shundan 343961 nafarini ayollar, qolgan 158726 nafarini erkaklar tashkil etadi.
Maktab o‘qituvchilarining 26929 nafari oliy toifaga, 74703 nafari birinchi toifaga, 118478 nafari ikkinchi toifaga ega bo‘lib, 282577 nafar o‘qituvchilar tegishli toifalarga ega emas.
Ma’lumki, mamlakatimizdan iqtidorli bolalarni aniqlash, o‘qitish va tarbiyalash, ularni yanada qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish, ma’naviy boy va intellektual rivojlangan avlodni shakllantirish maqsadida 2019 yili xorijiy ta’lim tashkilotlari bilan birgalikda ishlab chiqilgan o‘quv rejalari va dasturlariga muvofiq ta’lim jarayoni ingliz tilida olib boruvchi Prezident maktablarini tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul qilingan, bu esa ta’lim sifatining ilg‘or andozalari qo‘llanilayotganidan dalolat bermoqda.
Maktab ta’limi, ijodkorlikni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, xorijiy tillarni chuqur o‘rganish imkoniyatlarini yaratish sohasida muhim voqealardan biri bu ijodiy va ixtisoslashtirilgan maktablarning tashkil etilishi bo‘ldi.
So‘nggi besh yil davomida xalq ta’limi tizimini takomillashtirishning huquqiy asoslari yaratildi. Xususan, “Ta’lim to‘g‘risida” Qonunning yangi tahriri qabul qilindi, O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi tasdiqlandi. Maktab ta’limini rivojlantirish sohasida bevosita 17 ta hujjat, jumladan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 4 ta hujjati qabul qilindi.
Umuman ta’lim sohasida mavjud yutuqlarga qaramasdan xalq ta’limida bir qator muammolar mavjud. Ayniqsa, hozirgi axborot asrida deyarli muntazam ravishda ijtimoiy tarmoqlarda maktablardagi ta’lim muammolari haqida xabarlar yoki materiallarni uchratish mumkin. Ular orasida vaqtinchalik tusga ega (masofaviy ta’limga o‘tish, qonunchilikdagi o‘zgarishlar) hamda tizimli (jamiyatda o‘qituvchilarga munosabat, ijtimoiy-iqtisodiy muammolar) muammolar mavjud. Misol uchun, https://www.uzedu.uz/uz/tankidlarga-munosabat-2021 havolasi orqali O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi tizimidagi tanqidlar va ularga xalq ta’limi vazirligining javoblari bilan tanishish mumkin. Vazirlik tomonidan quyilgan bunday qadam juda muhim, ammo amalga oshirilayotgan muloqat ta’lim sifatining pasayishiga olib keladigan sabab va sharoitlarni yo‘q qilishga qaratilgan bo‘lishi bundan ham muhimdir.
Ta’limdagi muammolar davlatning barqaror rivojlanishiga to‘sqinlik qiladi. Shu munosabat bilan joriy yilning 28 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Davlatimiz rahbari darajasida maktab ta’limi sohasidagi muammolar va dolzarb masalalar qayd etildi, qator takliflar ilgari surildi. Albatta, bunday g‘amxo‘rlik maktab ta’limining ustuvorligidan dalolat beradi. Biroq, maktab ta’limi muammolari tizimli va mustaqil tarzda hal qilinishi kerak. Muammolar chetdan turib hal qilinadi, deb uylash xatodir, shuning uchun xalq ta’limi sohasidagi davlat siyosatida ishtirok etadigan barcha davlat organlaridan tashabbuskorlik talab etiladi.
Ta’limning asosiy muammolari va uning sifati tushib ketishining sabablari
1. O‘qituvchilar va jamoatchilik o‘rtasidagi munosabatlardagi muammolar. Hech kimga sir emaski, yaqin vaqtgacha o‘qituvchilar faoliyatida darslarni yuqori sifatda o‘tkazishga va pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanishga to‘sqinlik qiladigan bir qator ob’ektiv muammolar mavjud bo‘lgan. Paxta terimiga va boshqa tadbirlarga ommaviy jalb qilish, turli hisobotlarni tayyorlash bilan bog‘liq byurokratik to‘siqlar oxir-oqibat o‘qituvchilarni ta’limga aloqasi bo‘lmagan turli ikkinchi darajali vazifalarni bajaruvchi oddiy ijrochilarga aylantirdi. Rahbariyat tomonidan xalq ta’limi tizimida olib borilayotgan islohotlar tufayli bu muammolarni bartaraf etish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Biroq, hozirgacha erishilgan natijalardan ko‘ngil to‘lmaydi. Afsuski, ayrim amaldorlarning o‘qituvchilarga nisbatan hurmatsizlik munosabati hamon davom etmoqda. Xususan, joriy yilning fevral oyida Andijon viloyati Marhamat tumanidagi maktablardan birining o‘qituvchilari bilan bo‘lgan voqea aks etgan video Internetning milliy segmenti foydalanuvchilari orasida juda salbiy taassurotlarga sabab bo‘ldi. Videoda direktor va o‘qituvchilar ta’lim sifati hamda bitiruvchilarni universitetlarga qabul qilish ko‘rsatkichlari pastligi uchun ota-onalaridan uzr so‘rashga majburlanganligi aks ettirilgan. O‘qituvchilarning sha’ni va qadr-qimmatini bunday kamsitish maktabda nosog‘lom muhitni yaratadi. Oqibatda o‘qituvchilar barcha muammolar va muvaffaqiyatsizliklar uchun malomat qilinadi, bu esa adolatdan emas. Bunday munosabat yoshlarning o‘qituvchilik kasbiga bo‘lgan qiziqishini oshirishi dargumon. Shuning uchun o‘qituvchilarga nisbatan hurmatsizlik va qo‘pollik “vaqt bombasi” kabi taraqqiyotni orqaga surib, uning oqibatlari davlatning kelajakdagi rivojlanishida aks etadi.
Jamiyat va o‘qituvchilar o‘rtasidagi munosabatlardagi keyingi muammo – bu ota-onalarning o‘qituvchilarga nisbatan munosabati. Bugun ota-onalar barcha qiyinchiliklarda o‘qituvchilarning o‘zlarini ayblashga, noto‘g‘ri bo‘lsa ham bolalarini himoya qilishga ko‘proq moyilligi kuzatilmoqda. Misol uchun, o‘tgan yilning fevral oyida ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyati Kitob tumanidagi maktablarning birida uy vazifasini bajarmaganligi bois tanbeh bergani sabab o‘qituvchini ustozidan gap eshitgan o‘quvchining buvisi turli haqoratli so‘zlar bilan behurmat qilib, uning yuziga tarsaki tortgani haqida xabarlar tarqaldi. Bunday holatlar o‘qituvchilarga ishonchsizlik muhitini yuzaga keltirib, o‘quvchilarning haddan tashqari “erkalab ketishiga” sabab bo‘ladi. Ba’zan ijtimoiy tarmoqlarda o‘quvchilarning nojo‘ya harakatlarida o‘qituvchilarni ayblash ham kuzatilmoqda. Masalan, o‘tgan yilning fevral oyida Angren shahridagi 41-maktabda o‘quvchining do‘pposlanishi bilan bog‘liq voqea tasvirlangan video tarqatilgan yedi. Mutasaddilar tomonidan voqea sinchiklab o‘rganilganidan so‘ng, o‘qituvchining dars berishiga o‘quvchining aynan o‘zi to‘sqinlik qilganligi va uni har tomonlama masxara qilganligi ma’lum bo‘lgan.
Albatta, ba’zi o‘qituvchilar tomonidan nojo‘ya xatti-harakatlar sodir etilishi holatlari ham mavjud. Ruhiy muvozanatning yoki pedagogik mahoratning yetarli emasligi tufayli o‘quvchilar sha’nini haqoratlash yoki kamsitish holatlari yuzaga kelishi mumkin. Misol uchun, shu yilning fevral oyida Namanganda uyda daftarlarini unutgan birinchi sinf o‘quvchilari doskaga chiqib, butun bir dars davomida oyoqda turishga majbur bo‘ldilar. Bundan tashqari, o‘qituvchi boshqa o‘quvchilarni ularga nisbatan “uyat” so‘zini baqirib aytishga majbur qilgan. Birinchi sinf o‘quvchilari uchun bunday o‘qitish usuli o‘zini oqlaydi, deb atash qiyin va bu kutilgan samarani berishi dargumon. Pedagogika har doim tarbiyalanuvchilarning psixologik xususiyatlarini hisobga olishi kerak, aks holda o‘qitish samaradorligi past bo‘ladi.
Umuman olganda, Internetda o‘qituvchi va o‘quvchilarning sha’ni va qadr-qimmatini kamsituvchi materiallarning tarqatilishi axborot xavfsizligiga tahdiddir. Shu munosabat bilan jamiyatning axborot muhitida o‘qituvchilarga nisbatan munosib hurmat va ehtirom madaniyatini shakllantirish choralarini ko‘rish zarur. Bolalar bog‘chasi va oiladan boshlab bolalarni ustozlarga hurmat ruhida tarbiyalash lozim.
2. Maktab o‘qituvchisi kasbining obro‘si unchalik yuqori emasligi. Afsuski, maktab o‘qituvchisi talab yuqori bo‘lgan kasblardan biri emas. Birinchidan, bu o‘qituvchilarning ish haqi bilan bog‘liq. Masalan, oliy toifali o‘qituvchining tarif stavkasi miqdori 2.881.828 so‘mni, toifasiz, ammo oliy ma’lumotli o‘qituvchilarniki esa – 1.954.033 so‘mni tashkil etadi, bu bozor iqtisodiyotida oliy ta’lim muassasalarini bitirganlar uchun juda kam hisoblanadi. Shuning uchun, ba’zida boshqa yuqori maoshli ish topa olmagan bitiruvchilar o‘qituvchi bo‘lishga qaror qiladilar.
Xorijiy mamlakatlarda o‘qituvchilar uchun munosib maosh to‘lashga katta e’tibor qaratilgan. Masalan, Shveysariyada o‘qituvchilarning maoshi oyiga 6240 dollargacha, Germaniyada – 5500 yevrogacha, Yaponiyada – 3900 dollargacha, AQShda – 3900 dollargachini tashkil etadi.
Ish haqining pastligi o‘qituvchilarni yangi daromad manbalarini izlashga undaydi. Ba’zida o‘qituvchilar qo‘shimcha ish qidirishlari kerak. Ayrim o‘qituvchilar dars soatlari sonini ko‘paytirishga harakat qilishadi, bu o‘qitish sifatini pasaytiradi va bir vaqtning o‘zida boshqa o‘qituvchilarni ish vaqtidan mahrum qilishi mumkin. Kimdir 1,5 stavkada va boshqasi esa yarim stavkada ishlayotgan vaziyat vujudga kelishi mumkin.
Bugungi kunda maktablarda kadrlar yetishmasligi holatlari mavjud. Aholining o‘sishini hisobga olgan holda, 270 ta maktabga ehtiyoj bor, bu ham o‘qituvchi kadrlarning tayyorlashni talab qiladi. Shu maqsadda davlat maktablar uchun tegishli kadrlar – o‘qituvchilar tayyorlash choralarini ko‘rmoqda. 2021/2022 o‘quv yilida faqat kunduzgi ta’lim shakliga pedagogik mutaxassisliklar bo‘yicha 26115 nafar bakalavrlarni tayyorlash nazarda tutilgan bo‘lib, bu kunduzgi ta’lim shakli uchun ajratilgan jami o‘rinlarning 23 % ni tashkil etadi. Ushbu kvotalarning 40 % ga yaqini davlat granti asosidagi o‘rinlardir. Shunga qaramay, maktab ta’lim jarayonini boshqarish tizimining ma’lumotlariga ko‘ra (https://xt.uzedu.uz/) 2022 yil fevral oyi oxirida boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari (248), rus tili (414) matematika (407), informatika va axborot texnologiyalari (400), ingliz tili (322), musiqa (270), fizika (263), geografiya (197), biologiya (195), iqtisodiy bilim asoslari (193), tarix (190), kimyo (188) kabi fanlar bo‘yicha o‘qituvchilarga ehtiyoj mavjud. Mazkur davrga kelib maktab o‘qituvchilari lavozimi uchun barcha bo‘sh ish o‘rinlari soni 4393 tani tashkil etadi. Bu ko‘rsatkich shuni ko‘rsatadiki, bo‘sh ish o‘rinlarini faqat pedagogika yo‘nalishlari bo‘yicha oliy ta’lim muassasalariga kirish kvotalarini oshirish orqali to‘ldirishning iloji yo‘q. Shuning uchun bu tizim o‘qishni tugatgandan so‘ng maktablarda muayyan muddat (masalan, 5 yil) uzluksiz ishlash majburiyatini olish sharti bilan qayta ko‘rib chiqilishi lozim.
O‘qituvchilik kasbining jozibadorligini oshirish choralarini ko‘rish zarur. Bunda o‘qituvchilarga turli imtiyozlar berilishi maqsadga muvofiq. Bu amaliyot bir qator rivojlangan xorijiy davlatlarda o‘zini oqlamoqda. Masalan, Germaniyada maktab o‘qituvchisi kasbi eng yuqori haq to‘lanadigan kasblardan biridir (oyiga o‘rtacha 3000 dan 5500 yevrogacha), shu bilan birga ular uchun soliqlar kamaytirilgan bo‘lib, arzon xususiy tibbiy sug‘urta taqdim etiladi. Kanadada maktab o‘qituvchilari uchun yuqori ish haqi bilan birga, turli ijtimoiy paketlar va sug‘urta taqdim etiladi. Janubiy Koreyada ish haqini bosqichma-bosqich oshirish (har uch yil ish staji uchun ish haqiga 8 % ustama qo‘shiladi), uy-joy sotib olish yoki ijaraga berishda imtiyozlar ajratish tizimi mavjud. Finlyandiyada davlat tomonidan o‘qituvchilarning ish haqi munosib bo‘lishi hamda imtiyozlar berilishi va subsidiya berish orqali xarajatlarning bir qismining qoplanishi ta’minlanadi.
O‘qituvchi maqomini ko‘tarish aniq huquqiy asosga ega bo‘lishi kerak. “O‘qituvchining maqomi to‘g‘risida”gi Qonun 2019 yil yanvar oyida normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini muhokama qilish portalida muhokama qilindi (Qonun loyihasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan), keyinchalik 2020 yil noyabr-dekabr oylarida “Pedagogik xodimlarning maqomi to‘g‘risida”gi Qonuni muhokamaga qo‘yildi (Qonun loyihasi Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan). Biroq, bu qonun loyihasi hozirgacha qabul qilingani yo‘q. Aynan ushbu hujjatda o‘qituvchilar maqomini oshirish, o‘qituvchilarning huquq va manfaatlarini buzganlik uchun javobgarlikning muqarrarligini ta’minlash uchun sharoitlar yaratilishi lozim.
O‘z navbatida, O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 1975-moddasi qoidalari qayta ko‘rib chiqilishi lozim. Hozir ushbu moddada o‘qituvchining kasbiy faoliyatiga ta’lim oluvchilar bilimini to‘g‘ri va xolis baholashiga ta’sir ko‘rsatish bilan ifodalangan tarzda qonunga xilof ravishda aralashish yoki o‘qituvchining xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilish uchun javobgarlikni nazarda tutadi. Biroq, o‘qituvchilarning sha’ni va qadr-qimmatini kamsituvchi harakatlar, ularni o‘z faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan faoliyatga jalb etish uchun mazkur modda bo‘yicha javobgarlikka tortish mumkin emas. Shu sababli o‘qituvchi shaxsining daxlsizligi kafolatlarini kuchaytirish maqsadga muvofiqdir.
3. Maktablarning moddiy-texnik ta’minot bilan bog‘liq muammolar. Zamonaviy maktab talabalar va o‘qituvchilar o‘rtasidagi munosabatlar uchun qulay platforma sanaladi. Bu qulaylik maktabning zamonaviy texnologiyalar (smart-doskalar, kompyuter jihozlari) bilan ta’minlanishini talab qiladi. Bularsiz maktab ta’limi zamonaviy voqelikdan orqada qoladi, bu esa ta’lim sifatiga ta’sir ko‘rsatadi. Shuning uchun, lozim darajadagi moddiy-texnik ta’minot ta’lim jarayonining ajralmas qismi hisoblanadi.
Moddiy-texnik ta’minot bilan bog‘liq muammolar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida joriy yilning 28 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan maktab ta’limini rivojlantirish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishida alohida ko‘rsatib o‘tildi. Bugungi kunda 1695 ta maktab kapital ta’mirga muhtoj, bu barcha umumta’lim maktablarining 16,7 % ni tashkil etadi. Paxsadan qurilgan 179 maktab faoliyat yuritmoqda. 3 mingdan ortiq maktablarda qo‘shimcha o‘quv xonalariga ehtiyoj mavjud. 2 mingdan ortiq maktabda sport zallar yo‘q.
Moddiy-texnik muammolar maktablarni raqamlashtirish jarayonini yanada sekinlashtiradi. Maktab tizimida hali ham 200 dan ortiq turdagi hisobotlar mavjud bo‘lib, odatda ular qog‘oz shaklida tuziladi. O‘qituvchi kasbining psixologik xususiyatlarini hisobga olgan holda bunday ovoragarchilik o‘qituvchilarga ta’lim metodikasini takomillashtirishga va darslarga puxta tayyorgarlik ko‘rishga imkon bermaydi.
Bunday sharoitda qanday sifat haqida gapirish mumkin? Hech shubhasiz, zarur shart-sharoitlarni yaratmasdan, o‘qituvchilardan ijobiy natijalarni talab qilish adolatdan emas.
Ba’zida o‘qituvchilar moddiy-texnik muammolar uchun “javob berishlari”ga to‘g‘ri kelmoqda. Masalan, joriy yilning yanvar oyida Samarqand viloyatida maktab o‘quvchisi “Bir million dasturchi” tanlovining ikkita bosqichida g‘olib bo‘lganligi uchun unga sovrin sifatida o‘qituvchiga tegishli bo‘lgan eski noutbuk sovg‘a qilindi. Xuddi shunday, Namangan viloyatining Norin tumanidagi maktab o‘quvchisining sovg‘asi – noutbukning o‘qituvchilar tomonidan olib qo‘yilishi norozilik va tushunmovchilikka sabab bo‘ldi.
4. Maktabdagi o‘quv dasturlari muammolari. Ta’lim jarayonini zamonaviy talablarga javob bermaydigan eskirgan o‘quv dasturlari asosida tashkil etish yana bir muammolardan biri sanaladi. O‘quv adabiyotlaridagi matn tushunish uchun “murakkabligi” va o‘qitishning asosan nazariy jihatdan yo‘naltirilganligi o‘quvchilarda tanqidiy va ijodiy fikrlash ko‘nikmalarini shakllantirishga imkon bermaydi, o‘qituvchilarning ijodiy yondashuvini cheklaydi. Ba’zi hollarda, tizimlilik yetishmaydi va shuning uchun boshlang‘ich sinflarda olingan bilimlar yuqori sinflarda to‘ldirilmaydi.
Shu o‘rinda Prezident, ixtisoslashtirilgan va ijod maktablari tajribasini qo‘llash maqsadga muvofiq. Bugungi kunda 790 ta ixtisoslashtirilgan maktablarda aniq fanlar va xorijiy tillar ilg‘or xorijiy tajriba asosida chuqur o‘rganilmoqda. Prezident va ijodiy maktablarda ta’limga yondashuv iqtidorli bolalarni aniqlash, tanlash va tarbiyalashga, ularning har tomonlama rivojlanishi uchun sharoit yaratishga qaratilgan. Mazkur maktablar o‘quvchilarning qiziqishlari va xususiyatlarini inobatga olgan holda, ayrim fanlar va ularni o‘rganish darajasini tanlab olish orqali o‘quv jarayonini individuallashtirish usullaridan foydalanadilar. Shuning uchun ko‘pgina ota-onalar farzandlarini ushbu maktablarda ta’lim olishini afzal ko‘rishadi. Bizning fikrimizcha, ushbu maktablarning yutuqlari 2025 yilda milliy o‘quv dasturiga o‘tish bo‘yicha rejalashtirilayotgan chora-tadbirlarni amalga oshirishda hisobga olinishi kerak.
Ta’lim jarayoni va pedagogik mahoratni takomillashtirishda A. Avloniy nomidagi xalq ta’limi muammolarini o‘rganish va istiqbollarini belgilash ilmiy-tadqiqot instituti faoliyatini kuchaytirish va faollashtirish lozim. Aynan ushbu institut mazkur sohadagi tashabbuslarning yetakchisiga aylanishi, pedagogik kompetensiyalarni takomillashtirish bo‘yicha tizimli tadqiqotlar olib borishi, maktablarda o‘quv jarayoni monitoringini olib borishi va kompetensiyalarga asoslangan yondashuv asosida ta’lim muammolariga yechimlarni taklif qilishi kerak.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, xalq ta’limi sifatini oshirish quyidagi choralar bilan birgalikda amalga oshirilishi lozim:
- jamiyatda o‘qituvchilarga nisbatan hurmatda bo‘lish munosabatini shakllantirish, o‘qituvchilar sha’ni va qadr-qimmatiga tajovuzlarning oldini olish;
- ta’lim sifatini oshirish va ijodiy yondashuvni qo‘llashga qaratilgan Milliy o‘quv dasturiga o‘tish;
- Respublikadagi barcha maktablarda Prezident, ijodiy va ixtisoslashtirilgan maktablardagi o‘quv jarayonini tashkil etishda qo‘llanilayotgan ilg‘or tajribadan foydalanish;
- “Pedagog xodimning maqomi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini qabul qilish, o‘qituvchilarni asosiy faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan ishga va turli faoliyatga majburiy jalb qilish uchun javobgarlikning muqarrarligini ta’minlash;
- munosib ish haqi, ijtimoiy imtiyozlar va preferensiyalar bilan ta’minlash orqali o‘qituvchining imidjini bosqichma-bosqich oshirish;
- barcha umumta’lim maktablarini, ayniqsa, mamlakatimizning chekka hududlaridagi maktablarni raqamlashtirish va lozim darajada moddiy-texnik jihozlanishini ta’minlash.
Abdulaziz Rasulev,
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi
Huquqiy siyosat tadqiqot instituti direktorining o‘rinbosari,
yuridik fanlar doktori, professor
Shoxjaxon Xo‘jayev,
Toshkent davlat yuridik universiteti
“Intellektual mulk huquqi” kafedrasining mudiri,
yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori