Andijon viloyatining Asaka tumanidagi maktablardan birini rekonstruksiya qilib berishni va’da qilgan MCHJ rahbari ajratilgan pul mablag‘larini o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgan.
Qayd etilishicha, Asaka tumanidagi maktablardan birini rekonstruksiya ishlari bo‘yicha tuzilgan shartnomaga ko‘ra qurilish mas’uliyati cheklangan jamiyati 1 mlrd. 82 mln. so‘mlik ta’mirlash ishlarini bajarib berishi belgilangan. Biroq, qurilish tashkiloti rahbari amalda bajarilmagan ishlarni bajarilganligini ko‘rsatib, jami 5 mln. 803 ming so‘m miqdoridagi pul mablag‘larini o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgan.
Sudda o‘z aybiga iqror bo‘lgan quruvchi zararni to‘laganligini bildirgan. Shunga muvofiq, quruvchiga sud tomonidan 1 mln. 700 ming so‘m miqdorida jarima jazosi tayinlangan.
Byuro xodimlari tomonidan olib borilgan masofaviy tushuntirish ishlari natijasida huquqbuzardan jarima pullari to‘liq undirildi.
Eslatib o‘tamiz, qonunchilikka ko‘ra, mulkchilik shaklidan qat’i nazar korxona, muassasa, tashkilotlarning mol-mulkini o‘g‘irlash, o‘zlashtirish, rastrata qilish, mansab lavozimini suiiste’mol qilish yoki firibgarlik yo‘li bilan oz miqdorda talon-toroj bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.