O‘zbekiston Bosh konsulxonasi xodimlari Saudiya Arabistoni Migrasiya bosh boshqarmasining Jidda va Makka shaharlari rahbari, general Faysal bin Muhammad ar-Rojihiy bilan uchrashuv o‘tkazdi.
General Faysal bin Muhammad ar-Rojihiy Bosh konsulxona vakillarining Saudiya tomoni bilan doimiy aloqada bo‘lib, O‘zbekiston fuqarolari uchun Jidda xalqaro aeroportida viza rasmiylashtirishda ko‘rsatayotgan yordami uchun minnatdorlik bildirdi.
Muloqot chog‘ida Saudiya Arabistoniga noqonuniy yo‘llar bilan kelayotgan O‘zbekiston fuqarolariga huquqiy maslahatlar berish, noqonuniy firmalarni ogohlantirish va boshqa masalalar ko‘rib chiqildi.
Makka shahrida joylashgan "ash-Shumaysiya" deportasiya markazida saqlanayotgan vatandoshlarga qisqa muddatlarda O‘zbekistonga qaytish sertifikatlarini rasmiylashtirish va ularni vatanga qaytarish taklifi qo‘llab-quvvatlandi.