Bugun 26 yanvar, 2026 yil, dushanba

КИР

Mahalliy hokimliklar tomonidan 386 ta hujjat asossiz yashirilgani aniqlandi

Mahalliy hokimliklar tomonidan 386 ta hujjat asossiz yashirilgani aniqlandi

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan joriy yilning o‘tgan davrida mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan “yashiringan” yoki "xizmat doirasida foydalanish uchun" (XDFU grifi bilan) qabul qilingan qaror va farmoyishlar o‘rganildi.

Davlat rahbarining 2025 yil 30 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi PF-270-son Farmoni Agentlik zimmasiga “E-qaror” tizimida qabul qilinadigan hujjatlarni e’lon qilishda ochiqlikka oid qonunchilikka rioya etilishini nazorat qilish va ochiqlikni ta’minlash bo‘yicha ta’sirchan choralarni qo‘llash vazifasi yuklatilgan.

Tahlillar natijasiga ko‘ra, viloyat, tuman va shahar hokimliklari tomonidan jami 1 907 ta qaror va farmoyish ushbu asoslarda qabul qilingani aniqlandi. Dastlabki o‘rganishlar jarayonida mazkur hujjatlarning 386 tasi asossiz ravishda yashirilgani ma’lum bo‘ldi.

Yashirilgan qarorlarning 68 tasi tashkiliy tuzilmani tasdiqlash, 46 tasi mablag‘ ajratish, 34 tasi rag‘batlantirish, 156 tasi lavozimga tayinlash hamda 82 tasi boshqa masalalarga oid hujjatlardan iborat.

Ochiqlanmagan hujjatlar soni bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkichlar Farg‘ona (67 ta, 44%), Xorazm (32 ta, 39%), Buxoro (58 ta, 37%), Qashqadaryo (41 ta, 26%) va Samarqand (38 ta, 15%) viloyatlari hissasiga to‘g‘ri keladi.

Agentlik tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hamda Toshkent shahar hokimliklariga asossiz yashirilgan 68 ta qaror va farmoyishlarni ochiqlash va mazkur qonunbuzilishlarning kelib chiqishiga sababchi bo‘lgan mas’ul xodimlarga nisbatan tegishli chora ko‘rish yuzasidan taqdimnomalar kiritildi.

Hozirda asossiz deb topilgan qolgan hujjatlar bo‘yicha o‘rganish ishlari davom ettirilib, natijalariga ko‘ra har bir qaror va farmoyishga nisbatan belgilangan tartibda huquqiy ta’sir choralari qo‘llanilishi ta’minlanadi.

Kiritildi: Bugun 15:56. O'qildi: 344 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!