Aleksandr Lukashenko Ukraina bilan chegarada tahdid kamayganini e’lon qildi va u yerdan Belarus qo‘shinlarini olib chiqishni buyurdi.
"Bizning aniq harakatlarimizdan so‘ng ukrainaliklar o‘zlarining qurolli kuchlari va qo‘shimcha texnikalarini Belarus-Ukraina chegara zonasidan olib chiqib ketishdi. Hozir bizda ukrainaliklar bilan hech qanday muammo yo‘q va umid qilamanki, bo‘lmaydi ham", — deya ma’lum qildi Belarus rahbari.
Avvalroq Lukashenko Ukraina Qurolli kuchlari bo‘linmalari Belarus chegarasi yaqiniga o‘tkazilayotganini da’vo qilgan va Belarus bunga javoban Ukraina bilan chegarada raketa tizimlarini, jumladan, yadro qurolini tashishga qodir bo‘lgan tizimlarni joylashtirganini aytgan edi.
Ukraina rasmiylari esa bu ayblovlarni "maxsus axborot operasiyasi" deb atagan edi.