Dastlabki 10 nafar o‘g‘ri Kaliforniyadagi yong‘inlar paytida o‘g‘irlik va o‘t qo‘yish, uylardan o‘g‘irlangan buyumlar, shu jumladan Emmy mukofoti statuetkasi bilan ayblangan.
Bu haqda Los-Anjeles okrug prokurori Natan Xokman matbuot anjumanida ma’lum qildi.
Noqonuniy xatti-harakatlarga yo‘l qo‘yganlar qo‘lga olinib, javobgarlikka tortiladi va qonun doirasida to‘liq jazolanadi, degan va’damiz ustidan chiqdik. "O‘n xil odamga ayblov qo‘yildi, ulardan to‘qqiz nafari o‘g‘irlikda va biri o‘t qo‘yishda ayblanmoqda", dedi Xokman o‘z bayonotida.
U ayblanuvchilarning ism-shariflari bilan ular ayblanayotgan barcha jinoyatlari ro‘yxatini taqdim etdi. Bir guruh o‘g‘rilar nomi noma’lum amerikalik yulduzning uyidan Emmy mukofoti statuetkasini, uch kishidan iborat yana bir guruh hujjatlar bilan birga 200 ming dollarga yaqin pulni, yana bir er-xotin bir kunda ikkita uyni o‘g‘irlab ketishdi. Ayrim jinoyatchilarning muqaddam sudlanganliklarini inobatga olgan holda, ularning barchasi olti yildan umrbod qamoq jazosiga hukm qilinadi. Uchta o‘t qo‘yishda ayblangan Eskobar ismli odam to‘qqiz yilgacha qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin, deya qo‘shimcha qildi tuman prokurori. Uning qayd etishicha, jinoyatchilarni zudlik bilan qo‘lga olish barcha huquqni muhofaza qilish va qutqaruv xizmatlarining yaqin hamkorligi tufayli amalga oshirilgan.