Nabatiya hududida yana bir zarba berildi. Isroil droni ikki nafar yosh livanlik bo‘lgan motosiklga hujum qildi. Ikkisi ham halok bo‘ldi, transport vositasi esa yonib ketdi. Livan Milliy axborot agentligi (NNA) Deyr hududi va Nabatiyaning boshqa rayonlariga ham havo zarbalari berilganini xabar qildi.
Bu hujumlar Livan janubida vaziyatning keskinlashuvi davomi bo‘ldi. Faqat 7 sentyabr kuni Isroilning Kfar-Rummanga bergan zarbalari oqibatida kamida 12 kishi halok bo‘ldi. Ular orasida ikki nafar bola va to‘rt nafar ayol ham bor. Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, zarba bolalar maktabga borishga tayyorlanayotgan paytda turar joy binosiga berilgan. Isroil armiyasi esa zarbalar «Hizbulloh» ob’ektlari va jangarilariga qaratilganini bildirdi.
Livan Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2 martdan buyon Isroil hujumlari oqibatida 4362 kishi halok bo‘lgan va 12 378 kishi yaralangan. Halok bo‘lganlar orasida 250 dan ortiq bola, qariyb 400 ayol va 130 dan ortiq tibbiyot xodimi bor.
Davom etayotgan zarbalar AQSh vositachiligida Livan va Isroil o‘rtasida harbiy harakatlarni to‘xtatish bo‘yicha erishilgan mo‘rt kelishuvlar fonida sodir bo‘lmoqda. Isroil Livan janubida harbiy huzurini saqlab qolgan va zarbalar infratuzilma hamda «Hizbulloh» a’zolariga qaratilganini bildirmoqda.
Livan hukumati esa Isroilni kelishuvlarni muntazam ravishda buzishda ayblamoqda va hujumlarni to‘xtatishni talab qilmoqda.
Livan Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yil 8 oktyabrdan buyon mamlakatda Isroil agressiyasi oqibatida halok bo‘lganlar soni 8920 nafarga, yaralanganlar soni esa 30 559 nafarga yetgan.