"Belarusdan uchirilayotgan havo sharlari Litvaning milliy xavfsizlik manfaatlariga, shuningdek odamlarning hayoti, sog‘lig‘i, mulki va atrof-muhitga xavf tug‘dirmoqda", deyiladi Litva hukumatining tegishli qarorida.
Mamlakat bosh vaziri Inga Ruginenening aytishicha, butun mamlakat bo‘ylab favqulodda holat e’lon qilinishi jamoatchilik uchun noqulayliklar keltirib chiqarmaydi.
Hujjatda ta’kidlanishicha, oktyabr oyidan buyon Vilnyus aeroporti fuqarolik aviasiyasiga tahdidlar sababli 60 soatdan ortiq vaqt davomida yopilgan, bu holat 350 dan ortiq reyslarga va qariyb 51 ming yo‘lovchiga ta’sir ko‘rsatgan.
Litva rasmiylari fuqarolik aviasiyasiga bo‘lishi mumkin bo‘lgan tahdidlar ustidan nazoratni kuchaytirishni, shuningdek, meteorologik zondlarga qarshi harakatlarni muvofiqlashtirishni rejalashtirmoqda.