14 sentyabrga o‘tar kechasi Rossiyaning Leningrad viloyatidagi neftni qayta ishlash zavodiga hujumchi dronlar kelib tushdi.
Bu haqda viloyat gubernatori Aleksandr Drozdenko o‘zining Telegram’dagi kanalida yozdi.
Uning ta’kidlashicha, zavod hududida uchta dron urib tushirilgan. Hujumdan keyin KINEF zavodi hududida dron qoldiqlari tushishi sababli yong‘in chiqqan, biroq gubernatorning so‘zlariga ko‘ra, yong‘in allaqachon o‘chirilgan, qurbonlar yo‘q.
Kirishinefteorgsintez (KINEF) - Rossiyadagi eng yirik neftni qayta ishlash zavodlaridan biri. U Leningrad viloyatining Kirishi shahrida joylashgan bo‘lib, Surgutneftegazning sho‘’ba korxonasi hisoblanadi. Zavod yiliga 10 million tonnadan ortiq neftni qayta ishlash quvvatiga ega bo‘lib, keng turdagi neft mahsulotlari, jumladan, benzin, dizel yoqilg‘isi, aviasiya yoqilg‘isi va boshqalarni ishlab chiqaradi.
KINEF Rossiyaning neft mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojlarining muhim qismini qondiradi va mamlakat energetika infratuzilmasining muhim elementi hisoblanadi.