Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Rossiya, AQSh va Ukraina ishtirokidagi uch tomonlama muzokaralarning yangi bosqichini o‘tkazishga Moskva tayyor ekanini bildirdi.
«Biz hech qachon muzokaralardan bosh tortmaganmiz. O‘tkazilgan barcha muzokaralar bizning tashabbusimiz bilan emas, balki boshqa tomonlarning qarori bilan to‘xtatilgan. Shuning uchun hamkasblarimiz tayyor bo‘lsa, muzokaralarni qayta boshlash mumkin. Bizning aytadigan gapimiz bor», — dedi Lavrov Ukrainadagi vaziyatga bag‘ishlangan davra suhbatida.
Lavrov, shuningdek, Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tadigan BMT Bosh Assambleyasi doirasida AQSh davlat kotibi Marko Rubio bilan uchrashishni rejalashtirayotganini aytdi. BMT doirasida tashqi ishlar vazirlari ishtirokidagi tadbirlar 22–28 sentyabr kunlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Sentyabr oyi boshida Moskva va Kiyevga tashrif buyurgan Donald Trampning maxsus vakillari AQSH, Ukraina va Rossiya ishtirokidagi uch tomonlama muzokaralarni qayta tiklashga chaqirgan. Rossiya va Ukraina vakillari muzokaralar oktyabr oyida qayta boshlanishi mumkinligini bildirgan.
Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakovning aytishicha, Moskva muzokaralar uchun Abu-Dabini «mutlaqo maqbul» joy deb hisoblaydi.
2026 yil yanvar–fevral oylarida Rossiya, Ukraina va AQSh ishtirokida uch bosqich muzokara o‘tkazilgan. Ularning ikkitasi Abu-Dabida, bittasi Jenevada bo‘lib o‘tgan. Shundan beri mazkur formatda yangi muzokaralar o‘tkazilmagan.
AQSh ommaviy axborot vositalari manbalarga tayanib xabar berishicha, avgust oyi oxirida Moskvaga tashrif buyurgan Markaziy razvedka boshqarmasi direktori Jon Retkliff Rossiya bilan muzokaralarda AQShning asosiy vakiliga aylanishi mumkin.