Bugun 23 yanvar, 2026 yil, juma

КИР

Lactalis O‘zbekistonda sotilgan chaqaloqlar sut mahsulotlarini qaytarib olmoqda

Lactalis O‘zbekistonda sotilgan chaqaloqlar sut mahsulotlarini qaytarib olmoqda

Fransiyaning yirik sut mahsulotlari ishlab chiqaruvchisi – Lactalis O‘zbekistonda ham sotilgan chaqaloqlar uchun mo‘ljallangan sut mahsulotlarining ayrim partiyalarini qaytarib olmoqda. Bu jarayon jami 18 ta mamlakatni qamrab olgan.

Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, gap dorixonalar va supermarketlarda sotilgan Picot brendidagi chaqaloqlar sut mahsulotlarining 6 ta partiyasi haqida bormoqda. Mahsulotlar tarkibidagi xomashyoda bakteriyali kelib chiqishga ega sereulid toksini aniqlangan. Ushbu modda bolalarda qusish va ich ketishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Qaytarib olish qarori Fransiyaning bolalar ovqatlanishi bo‘yicha professional uyushmasi tomonidan berilgan ogohlantiruvdan so‘ng qabul qilingan. Xabarga ko‘ra, xavf omega-6 ARA ingrediyenti bilan bog‘liq bo‘lib, u xalqaro yetkazib beruvchidan olingan.

Lactalis vakili O‘zbekiston ham rasmiy ravishda qaytarib olish jarayoniga kiritilganini tasdiqlagan. Shu bois, mamlakatda sotilgan ayrim chaqaloqlar sut mahsulotlari ham tekshiruv va muomaladan chiqarish choralariga tushishi mumkin.

Mutaxassislar ota-onalarni mahsulot qadoqlaridagi partiya raqamlariga e’tiborli bo‘lishga, shubhali mahsulotlarni iste’mol qilmaslikka va rasmiy tushuntirishlarni kutishga chaqirmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Lactalis 2017–2018 yillarda ham ifloslangan chaqaloqlar sut mahsulotlari sababli xalqaro miqyosda yirik mojaro markazida bo‘lgan. O‘shanda o‘nlab bolalarda salmonella aniqlangan edi.

O‘zbekistonda mazkur mahsulotlar bo‘yicha rasmiy idoralar qanday choralar ko‘rayotgani hozircha ochiqlanmadi.

Kiritildi: Bugun 10:14. O'qildi: 307 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!