KXDR Rossiyaning Ukraina bilan urushida o‘z qo‘shinlari ishtirok etayotganini tasdiqladi.
Bu haqda Yonhap agentligi Koreya Markaziy telegraf agentligiga tayanib xabar bermoqda.
"Qo‘shinlar KXDR yetakchisi Kim Chen In buyrug‘i asosida, ikki mamlakat o‘rtasidagi har tomonlama strategik hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma doirasida yuborilgan. Ukrainaning Rossiya Federasiyasiga tajovuzkor bostirib kirishini oldini olish uchun Kursk viloyatini ozod etish bo‘yicha operasiyalar muvaffaqiyatli yakunlandi", deyiladi Koreya Markaziy telegraf agentligi xabarida.
26 aprel kuni Rossiya Bosh shtabi rahbari Valeriy Gerasimov prezident Vladimir Putinga Kursk viloyatidagi vaziyat haqida hisobotida, "Shimoliy Koreya harbiylari mintaqani ozod etishda sezilarli yordam ko‘rsatganini" ta’kidlagan edi. Gerasimovning bayonoti KXDR qo‘shinlari Rossiyaga yuborilganining birinchi marta rasmiy tasdiqlanishi bo‘ldi.